Italiyalik afsonaviy himoyachi, 2006 yilgi jahon chempionati g‘olibi va «Oltin to‘p» sohibi Fabio Kannavaro O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ilk o‘yinini Urugvayga qarshi o‘tkazishi mumkin. Bu haqda italiyalik futbol jurnalisti va insayderi Nikolo Skira o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 52 yoshli mutaxassis tez orada o‘zi bilan birga ikki nafar italiyalik mutaxassisni ham O‘zbekistonga olib kelishi kutilmoqda. Chicho Troize uning yordamchi murabbiyi bo‘lishi mumkin. Yevjenio Albarella esa jamoada jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis sifatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.
Kannavaroning bosh murabbiy sifatidagi ehtimoliy debyut o‘yini — O‘zbekiston va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik bahsi 13-oktyabr kuni Malayziyaning Malakka shahridagi Hang Jebat stadionida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Mazkur bellashuv yurtimiz milliy terma jamoasi uchun 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonidagi muhim sinovlardan biri sifatida qaralmoqda. Urugvay terma jamoasi jahon futbolidagi eng kuchli va nufuzli raqiblardan sanaladi — bunday o‘yin futbolchilarimizga bebaho tajriba beradi.
Shu bilan birga, dunyo futboli yulduzlaridan biri sifatida nom qozongan Kannavaroning O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishi haqidagi yangilik muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Futbol ishqibozlari afsonaviy italiyalik mutaxassis o‘zining boy tajribasi orqali terma jamoamizga yangi nafas olib kirishi va jahon arenalarida yuqori natijalarga erishishga yordam berishiga umid qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!