Ayni kunlarda Gruziyaning poytaxti Tbilisi shahri havaskor MMA (IMMAF) jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Unda dunyo bo‘ylab 63 davlatdan kelgan sportchilar g‘oliblik uchun maydonga chiqishmoqda. Bu nufuzli musobaqa nafaqat yoshlar, balki butun dunyo MMA jamoatchiligining e’tiborini o‘ziga qaratdi.
E’tiborlisi, O‘zbekistondan borgan yosh vakillar ham turnirda munosib ishtirok etishmoqda. Garchi MMA mamlakatimizda rasman tan olinganiga va O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida katta natijalar qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkentda o‘tgan jahon chempionatida ham yurtimiz sportchilari ajoyib ishtirok etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. U paytda 72 mamlakatdan 843 sportchi qatnashib, jami 80 ta medal taqdim etilgan bo‘lsa, ulardan 30 tasi O‘zbekiston termasi hisobiga yozilgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston MMA jamoasini dunyodagi eng kuchlilar safidan joy olishini ta’minladi.
MMAdagi besh yillik qisqa yo‘lni katta tarixiy natijalar bilan bosib o‘tgan yurtimiz sportchilari bugun dunyo maydonida o‘z kuchini yana bir bor isbotlayapti. Bu yutuqlar ortida, albatta, sportchilarning tinmay mehnat qilishi, murabbiylarning samarali tayyorgarligi va davlatimizning sportga qaratayotgan jiddiy e’tibori yotibdi.
Shuningdek, assotsiatsiya mutasaddilari va murabbiylar jamoasining sog‘lom muhit yaratishdagi fidoyiligi ham yuqori baholandi. Bunga yaqqol misol sifatida, yaqinda O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi “Yilning eng yaxshi assotsiatsiyasi” nominatsiyasiga sazovor bo‘ldi.
Hali oldinda katta marralar, ko‘plab sinovlar turibdi. Biroq ishonch komilki, assotsiatsiya va sportchilarning uyg‘un mehnati, davlat qo‘llovi va muxlislar ishonchi bilan o‘zbek MMAsi yaqin yillarda yana ko‘plab tarixiy g‘alabalarga erishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!