
Superliga 24-turidan keyingi matbuot anjumanida “Neftchi” bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko derbida qo‘lga kiritilgan g‘alabani yuqori baholab, jamoa va muxlislarni tabrikladi. «Derbi bo‘lgani uchun o‘yin og‘ir kechdi. G‘alabadan mamnunman, muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman», — dedi ustoz.
Chempionlik poygasi haqida so‘ralganda, Levchenko hushyorlikka chaqirar ekan: «Biz o‘zimizga bog‘liq ishlarni maksimal darajada bajaramiz. Barcha raqiblar ochko yo‘qotadi — biz esa har o‘yinda o‘z ulushimizni to‘plab borishimiz shart. Qadamba-qadam, navbatdagi bahsga tayyorgarlikka yo‘nalamiz».
FIFA kunlaridagi rejalarga to‘xtalar ekan, murabbiy o‘rtoqlik o‘yini uyushtirish niyatini ma’lum qildi: «Ha, tanaffus paytida sinov uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirganmiz», — deya qo‘shimcha qildi Levchenko.
Yaqin vaqtda kam maydonga tushgan Marushich borasida esa shunday yangilik bor: «U endigina jarohatdan chiqyapti. FIFA tanaffusida to‘liq tiklanadi, degan umiddamiz va keyingi o‘yinlarda maydonga qaytishi mumkin».
O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyligi borasidagi Fabio Kannavaro atrofidagi xabarlarga munosabat: «Bu borada izoh berishim shart emas — mas’ul tuzilmalar bor. Oldimizda mundial turibdi. Kannavaro ishonchni oqlashiga, terma jamoa jahon chempionatida munosib natija qayd etishiga tilakdoshman», — dedi Levchenko.
Uchrashuvdagi atmosfera haqida ustoz alohida to‘xtaldi: «Ikki sektorga to‘plangan muxlislar oldida o‘ynadik. “Andijon” fanatlari ham jamoasini yolg‘iz qoldirmadi. Rostdan ham, bugun stadion kayfiyati Chempionlar ligasi kechalarini eslatdi».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.