date

Kuvayt ustozi Souza: O‘zbekistonga qarshi o‘yin — katta sharaf

Kuvayt ustozi Souza: O‘zbekistonga qarshi o‘yin — katta sharaf

O‘rtoqlik bahsi arafasida Kuvayt terma jamoasi bosh murabbiyi Elio Souza matbuot anjumanida ochiq va samimiy fikrlarini bildirdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondek jamoaga qarshi o‘yin nafaqat foydali sinov, balki katta sharaf hamdir.
Souza avvalambor yurtimiz nomidan o‘tkaziladigan U-20 Jahon chempionati mezbonligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi: “O‘zbekiston futbolni rivojlantirishda izchil qadam tashlayapti. Bu yo‘lda omad tilayman”, — dedi u.
Kannavaro masalasi ham chetlab o‘tilmadi. Portugaliyalik mutaxassis o‘zini O‘FAning avvalgi “short-listi”da bo‘lgani haqidagi gap-so‘zlarni rad etdi: “Yo‘q, men bu haqda izoh bermayman — hozir Kuvayt termasining bosh murabbiyiman”, — deya qisqa javob qaytardi. Shunga qo‘shimcha ravishda, Fabio Kannavaro haqida iliq so‘zlar aytdi: “2006 yilgi jahon chempioni, Xitoy termasi tajribasi bor. O‘yinchilar bilan tez til topishsa, natija bera oladi”.
Kuvaytning o‘tmishdagi qudrati va so‘nggi yillardagi tanazzuli haqida so‘ralganda Souza tarixiy faktni esga oldi: “Fors Ko‘rfazidan mundialga chiqqan ilk jamoa — Kuvayt. Hozir har bir futbolchini alohida tahlil qilyapmiz. Osiyo kubogiga munosib tayyorgarlik ko‘rib, futbolimiz nufuzini qaytarish niyatdamiz”.
Ertangi bahsga doir savolda esa raqibni alohida maqtadi: “O‘zbekiston oxirgi uchrashuvlari bilan nafaqat Osiyoda, balki jahon miqyosida ham kuchli jamoalardan biriga aylanib bormoqda. Yevropada to‘p surayotgan o‘yinchilari ko‘p. Birortasini ajratmayman — har biri xavfli. Zamonaviy, chiroyli stadionda yaxshi natijaga intilamiz”.
Yevropa va Osiyo futboli o‘rtasidagi farq haqida: “Asosiy tafovut — tayyorgarlik madaniyatida. Yevropada professionallik darajasi baland. Kuvaytda ham shu standartga chiqish ustida ishlayapmiz”, — deya xulosa qildi Souza.
Qisqasi, Kuvayt ustozi uchun bu o‘yin — yangi qoliplar sinovi, O‘zbekiston uchun esa Kannavaro davridagi dastlabki chek-point. Endi navbat maydonga — barchasini u yerda hal qilamiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kuvayt ustozi Souza: O‘zbekistonga qarshi o‘yin — katta sharaf