Fabio Kannavaroning O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimiga tayinlanishi futbol jamoatchiligi orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Jahon futbolining sobiq yulduzi bo‘lgan italiyalik mutaxassisning kelishi haqida termamizning sobiq yetakchilaridan biri — Maksim Shatskix ham o‘z fikrlarini bildirdi.
Hozirda “Andijon” klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritayotgan Shatskix Kannavaro tayinlanishini ehtiyotkorlik bilan baholadi.
“Termaga Kannavaro kelgani haqida eshitdim. U jahon futbolida nom qozongan shaxs, lekin murabbiy sifatidagi faoliyatini deyarli kuzatmaganman. U qanday mutaxassis ekanini vaqt ko‘rsatadi. Hozir natijaga qarab gapirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Agar u jahon chempionatida yaxshi natija ko‘rsatsa, demak, bu qaror to‘g‘ri bo‘lgan. Agar natijalar kutilgandek bo‘lmasa, shunda xulosa chiqarish mumkin,” — dedi Shatskix.
Sobiq hujumchiga ko‘ra, hozirdan xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak. Uning fikricha, tayyorgarlik va o‘rtoqlik bahslari faqat sinov maydoni bo‘lib, haqiqiy baholash mundialdagi o‘yinlar orqali amalga oshadi.
Shatskix, shuningdek, Kannavaro boshchiligidagi ilk o‘yin — Quvaytga qarshi o‘rtoqlik bahsi haqida ham fikr bildirdi:
“Uchrashuvni to‘liq ko‘rmadim, ammo 2:0 hisobidagi g‘alaba yaxshi natija. O‘zbekiston termasi Quvaytdan kuchliroq ekani ma’lum edi. Lekin bitta o‘yin bilan jiddiy xulosa chiqarish to‘g‘ri emas.”
Sobiq futbolchi termaga qanday murabbiy mos ekanligi haqidagi savolga ham javob berdi:
“Bu borada aniq fikr aytish qiyin. Eng muhimi — natija. Taktika, uslub, qancha gol urish yoki o‘tkazish — bular muhokama uchun emas. Hamma narsa natijaga bog‘liq. Natija bormi — demak, rivojlanish ham bor. Yo‘q bo‘lsa, demak, ishlar to‘g‘ri ketmayapti, degani.”
Shatskix mahalliy mutaxassis Timur Kapadzening Kannavaro yonida ishlayotgani haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Bu to‘g‘ri qaror, deb o‘ylayman. Kapadze tajribali mutaxassisdan ko‘p narsa o‘rganishi mumkin. Kannavaro bilan ishlash unga katta maktab bo‘ladi. Bu yosh murabbiy uchun foydali jarayon. Har qanday tajriba kelajakda ish berishi tabiiy,” — dedi u suhbat yakunida.
Shu tariqa, Maksim Shatskixning fikricha, Kannavaro davrini baholash uchun vaqt kerak — natijalar, mundialdagi o‘yinlar va jamoa rivojlanishi haqiqiy javobni beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!