“Barselona”ning yosh iqtidor va jamoaning asosiy yulduziga aylangan Lamin Yamal yana jahon futboli markazida. Ispaniya OAV yozishicha, Saudiya Arabistonining yetakchi klublaridan biri — “Al-Hilol” 18 yoshli futbolchi uchun fantastik miqdorda taklif kiritgan.
fichajes.net sayti ma’lumotiga ko‘ra, “Al-Hilol” Yamalning transferi uchun “Barselona”ga 400 million yevro miqdorida badal to‘lashga tayyor. Bu summa nafaqat jamoa, balki butun futbol tarixidagi eng katta takliflardan biri bo‘lishi mumkin.
Kataloniyaliklar yozda yosh iqtidor bilan uzoq muddatli kelishuv imzolagandi. Yamal 2031 yilning yozigacha amal qiladigan shartnomaga ega bo‘lib, har mavsumda taxminan 21 million yevro maosh oladi. U bu shartlarni qabul qilgan va “Barsa”da qolishni ma’qullagandi.
Biroq Saudiya klubining taklifi futbol bozoridagi har qanday miqdorni ortda qoldiradi. Manbalarga ko‘ra, “Al-Hilol” Yamalga yetti yillik shartnoma taklif qilmoqda va bu nafaqat rekord miqdordagi transfer, balki futbolchi uchun moliyaviy jihatdan eng daromadli kelishuv bo‘ladi.
Agar “Barselona” va Lamin bu taklifga rozi bo‘lsa, yosh futbolchi Saudiyada hozirgisidan bir necha barobar ko‘proq daromad oladi.
Shu bilan birga, “Barsa” rahbariyati bu masalada ikki lagerga bo‘lingan: klubning ayrim rahbarlari asosiy yulduzini saqlab qolish tarafdori bo‘lsa, boshqalar moliyaviy foydani ustun qo‘yib, Saudiya taklifini qabul qilishni ma’qul ko‘rmoqda.
Lamin Yamalning kelajagi hozircha noaniq, ammo bitta narsa aniq — uning transferi atrofidagi shov-shuvlar yaqin vaqtlar davomida ham futbol jamoatchiligining eng qiziqarli mavzusi bo‘lib qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!