Aralash jang san’ati dunyoda tobora ommalashib borayotgan bir paytda, bu sport turining eng mashhur va nufuzli nomlaridan biri — Habib Nurmagomedov O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning tashrifi O‘zbekiston Aralash jang san’ati assotsiatsiyasi taklifi bilan amalga oshdi va asosiy maqsad — mamlakatda ushbu sport turi rivojini yaqindan o‘rganish hamda tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
Faxriy mehmon “Jar” sport majmuasida joylashgan Aralash jang san’ati assotsiatsiyasining markaziy idorasi faoliyati bilan tanishdi. U yerda Nurmagomedovni assotsiatsiya raisi Aziz Toshpo‘latov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari va Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov hamda bir qator sport mutasaddilari tantanali tarzda kutib oldi.
Uchrashuv davomida mamlakatda aralash jang san’atini rivojlantirish, yosh sportchilar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Habib Nurmagomedov o‘zining boy tajribasiga tayanib, sportchilarni professional yo‘nalishda tayyorlash bo‘yicha qator amaliy tavsiyalar berdi.
— Hozirda O‘zbekiston boksda dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri. Agar yoshlarga aralash jang san’atida ham to‘g‘ri yo‘nalish va sharoit yaratilsa, ular yaqin kelajakda jahonning kuchli sportchilari qatoriga kiradi, — dedi Nurmagomedov.
Shuningdek, sobiq UFC chempioni yosh jangchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. U ularga shaxsiy hayotiy va sport tajribasidan so‘zlab, intizom, sabr va mehnat har qanday maqsadga erishishning asosiy kaliti ekanini ta’kidladi.
Yosh sportchilar uchun bu uchrashuv haqiqiy ilhom manbaiga aylandi. Habib ularni sport orqali o‘z ustida ishlash, jismoniy va ma’naviy jihatdan rivojlanishga chorladi.
Tashrif davomida Nurmagomedov O‘zbekiston sport tizimidagi islohotlar va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ham yuqori baholadi. U mamlakatda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy faollikni ommalashtirish muhim ekanini qayd etdi.
Shunday qilib, Habib Nurmagomedovning tashrifi nafaqat aralash jang san’ati sohasi, balki umumiy sport madaniyatini rivojlantirish uchun ham muhim qadam bo‘ldi. Uning so‘zlari va tajribasi O‘zbekiston yoshlariga yangi kuch va ishonch baxsh etdi — katta maqsadlar sari intilish uchun yangi turtki bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!