date

Islom Ismoilov matbuot anjumanida nimalar dedi?

Islom Ismoilov matbuot anjumanida nimalar dedi?

U-17 jahon chempionati oldidan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Islombek Ismoilov va futbolchi Azizbek Erimbetov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
"Musobaqaga tayyorgarlik jarayoni Osiyo Kubogidan so‘ng qisqa vaqt bor edi, barcha imkoniyatlarni ishga solib tayyorlandik. Kayfiyat yaxshi, jamoa tayyor", - deydi Islom Ismoilov.
"Jahon chempionatiga yuz foiz tayyormiz, o‘ylaymanki muxlislarni xursand qila olamiz", - deydi Azizbek Yerimbetov.
- O‘FA sizning oldingizga konkret vazifa qo‘ydimi? Jahon chempionligi maqsad qilinganmi?
- Vaziyatga real qarash kerak. Aniq chempionlik vazifasi belgilangani yo‘q. Lekin avvalgi natijalarni yaxshilashimiz kerak bo‘ladi.
- Futbol bugungi kunda fan darajasiga chiqib bo‘lgan. Bunda har bir murabbiyning o‘z vazifasi bor. Islom Ismoilovning murabbiylar shtabi Jahon chempionati uchun kuchsizlik qilmaydimi?
- Men uchun murabbiylar shtabimdagilar eng zo‘rlari. Masalan, Saudiya Arabistonida 34 nafar murabbiy ishlar ekan. Natijasi qanday? Murabbiyning ishiga natija baho beradi. Natija yomon bo‘lsa, murabbiylar shtabi yaxshi ishlamagan bo‘ladi. Yaxshi ketayotgan narsani o‘zgartirgim kelmadi. O‘FA tomonidan bu borada hech qanday ta’qiq bo‘lmadi. Murabbiy olishimiz ham mumkin edi. Lekin men uchun hozir ishlayotganlar eng zo‘ri.
- Hujumda asosiy yuk Asilbek Aliyevga tushib qolyapti. Nurbek Sarsenbayev esa 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan. Bu boshqa hujumchilarning yo‘lini yopib qo‘ymaydimi? Bu borada raqobat qanday?
- Nurbek jamoa uchun juda katta foyda keltirgan futbolchi. Hozircha bir nechta hujumchilarga imkoniyat berildi, biroq ular terma jamoa darajasida o‘yin ko‘rsata olishmadi. Bizning asosiy maqsadimiz — guruh bosqichidan chiqish. Umid qilamizki, Nurbek guruh bosqichidan keyingi uchrashuvlarda bizga yordam beradi.
- Sadriddin Hasanov OFKning "eng yaxshi yosh futbolchisi" nominatsiyalari qatorida ham bor edi. Lekin uning nomzodi g‘olib bo‘lmaganiga munosabatingiz qanday?
- Sadriddin Hasanov OFK tomonidan yilning "Eng yaxshi yosh futbolchisi" sifatida tanlanmagani yaxshi bo‘ldi. Sababi Jahon chempionatidan oldin bunday e’tirof uning keyingi faoliyatiga aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Men uchun har bir futbolchim – eng yaxshisi.
- Jahon chempionatidagi raqiblar haqida...
- Jahon chempionatida oson raqib bo‘lmaydi. Paragvay o‘z qit’asida Argentina va Chilini mag‘lub etgan. Panama jismoniy jihatdan kuchli jamoa. Irlandiya yevropacha futbol namoyish etadi. Bizda har bir raqibga qarshi o‘ylab qo‘ygan rejalarimiz bor.
- Kartochkalar va chetlatishlar haqida...
- Osiyo Kubogidan so‘ng barcha jihatlarni, jumladan, kartochkalar masalasini ham tahlil qildik. Bu yosh o‘tish davri hisoblanadi, futbolchilar hali yosh. Biroq biz ularni doimo ogohlantirib, tushuntirib kelyapmiz. O‘ylaymanki, Jahon chempionatida bunday xatolar takrorlanmaydi. Har bir o‘yinda futbolchilar oldiga yutish vazifasini qo‘yamiz. Ko‘pchilik aytishi mumkin, o‘rtoqlik uchrashuvida natija shart emas, deb. Bu yerda vatan sha’ni turadi. Qaysi sxemani, taktikani sinovdan o‘tkazishimizdan qat’iy nazar g‘alaba birinchi o‘rinda turadi.
- Taktik tomonlama jamoangiz tayyormi? Intervyuingizda Jahon chempioni bo‘lishni istayman dedingiz. Bunga salohiyatingiz yetadimi?
- Bilim tomonlama doim o‘rganishga majburmiz. Futbol bir joyda turmaydi. Taktik tomonlama ideal murabbiy emasman. Xorijliklardan ham, o‘zimiznikilardan ham o‘rganamiz. Jahon chempioni bo‘lishga potensialimiz yetadimi yoki yo‘q, buni bilmadim. Lekin bir kun kelib orzuimga erishaman.
- Jahon chempionatiga ham sarimsoqpiyoz olib borasizmi?
- Jahon chempionatiga sarimsoqpiyoz emas, boshqa hiyla o‘ylab qo‘yganmiz (kuladi).
- Futbolchilarning jismoniy holati qanday?
- Futbolchilarimizning jismoniy holati doimiy ravishda nazoratda. Osiyo Kubogida ko‘plab jamoalarda o‘yinlar davomida charchoq sezilgan bo‘lsa, bizda aksincha — o‘yindan o‘yinga jismoniy tayyorgarligimiz yaxshilanib bordi. Umid qilamanki, Jahon chempionatida ham shu holatni saqlab, ijobiy natijalarga erishamiz.
- Penaltilar seriyasi nozik nuqtamiz hisoblanadi. Jamoangiz penaltilarga tayyormi?
- Mashg‘ulotda penalti tepish bilan o‘yindagi holat butunlay boshqacha. Shu bois biz hozir bu borada ilmiy yondashuv asosida ishlayapmiz, raqiblarni ham tahlil qilib chiqyapmiz. O‘ylaymanki, bu boradagi noxush an’anaga barham beramiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Islom Ismoilov matbuot anjumanida nimalar dedi?