Superliga 25-turidan o‘rin olgan jozibali bahsda “Andijon” o‘z maydonida “Sho‘rtan”ni qabul qildi. Tom ma’noda gollar shousiga aylangan bellashuvda andijonliklar 4:3 hisobida g‘alaba qozonib, muxlislarini quvonchga burkashdi.
O‘yin yuqori tempda boshlandi — 5-daqiqada Otabek Jo‘raqo‘ziyev hisobni ochdi. Ortidan Usmonali Ismonaliyevning aniq zarbasi natijasida mezbonlar ustunlikni ikki to‘pga yetkazishdi. Biroq “Sho‘rtan” tezda javob qaytardi: Po‘latxo‘ja Xoldorxonov va Doniyor Narzullayevning gollari hisobni tenglashtirdi — 2:2.
Ikkinchi bo‘limda ham kurash shiddat bilan davom etdi. 54-daqiqada Ismonaliyev ikkinchi bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi va dubl rasmiylashtirdi. 60-daqiqada Doniyor Abdumannopov penaltidan aniq zarba yo‘llab, “Burgutlar”ni 4:2 hisobida oldinga olib chiqdi. Ammo mehmonlar ham taslim bo‘lishmadi — 63-daqiqada Xoldorxonovning ikkinchi goli hisobni qisqartirdi.
Bellashuvning qolgan qismida har ikki jamoa ham faol harakat qildi, ammo natija o‘zgarmadi. “Andijon” muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritib, jadvalda 10-pog‘onaga ko‘tarildi (28 ochko). “Sho‘rtan” esa 12 ochko bilan liga oxirida qolmoqda va Proligaga yaqinlashmoqda.
Uchrashuvda Damir Temirov 26-daqiqada penaltidan foydalana olmadi, ammo bu natijaga ta’sir qilmadi — “Burgutlar” baribir g‘alabani saqlab qoldi.
Bu g‘alaba “Andijon” uchun muhim psixologik burilish bo‘ldi — jamoa keyingi turlarda yuqori pog‘onalar uchun kurashni davom ettirish niyatida.
Superliga. 25-tur
Andijon – Sho‘rtan 4:3
Gollar: Otabek Jo‘raqo‘ziyev (5), Usmonali Ismonaliyev (17, 54), Doniyor Abdumannopov (60 penalti); Po‘latxo‘ja Xoldorxonov (21, 63), Doniyor Narzullayev (34).
Andijon: 31. Erjan Tokotayev, 3. Sunnatulloh Hamidjonov (14. Abdurahmon Komilov, 52), 5. Abdulvohid G‘ulomov, 8. Shahzod Azmiddinov, 11. Otabek Jo‘raqo‘ziyev, 18. Damir Temirov, 22. Usmonali Ismonaliyev, 23. Doniyor Abdumannopov, 26. Muhammadkarim Toirov, 27. Kristiak Novak, 71. Bektemir Abdumannonov.
Sho‘rtan: 1. Shohruh Eshbo‘tayev, 3. Shohjahon Sultonurodov (4. Ulug‘bek Xudoyberdiyev, 42), 6. Odil Abdumajidov, 8. Abubakr Rizo Turdialiyev, 9. Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 10. Temur Mamasiddiqov, 21. Muhammadaziz Ibrohimov, 24. Doniyor Narzullayev, 55. Aziz Pirmuhammadov, 70. Mirjalol Jumayev (15. Jo‘rabek Mannonov, 42), 76. Islom Kenjaboyev.
Foydanilmagan penalti: Damir Temirov 26
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!