date

"Real"da raqobat yuqori: Alonso yoshlar haqida fikr bildirdi

"Real"da raqobat yuqori: Alonso yoshlar haqida fikr bildirdi

"Real Madrid" bosh murabbiyi Xabi Alonso jamoa safida hozircha asosiy tarkibga kira olmayotgan yosh hujumchilar — Endrik va Gonsalo Garsiyaning taqdiri haqida so‘z yuritdi.

Alonsoga ko‘ra, hozirgi paytda bu futbolchilar haqida ochiq muhokama qilishning hojati yo‘q. Uning aytishicha, har ikkisi ham jismonan tayyor va istalgan vaqtda jamoaga yordam bera oladi. Ammo jamoada raqobat darajasi shunchalik yuqoriki, hatto kichik xatolar ham maydonga chiqish imkoniyatini kechiktirishi mumkin.

«Men hozir bu haqda o‘ylamayapman. Bu kabi masalalarni ommaviy muhokama qilish to‘g‘ri emas. Ular har ikkisi ham mashg‘ulotlarda yaxshi ko‘rinish ko‘rsatmoqda. Faqat raqobat juda qattiq. Har bir pozitsiyada o‘ta kuchli futbolchilar bor», — dedi Alonso matbuot anjumanida.

Gonsalo Garsiya — "Qirollik klubi" tarbiyalanuvchisi. Yozda u rasmiy ravishda asosiy jamoaga qabul qilingan edi. U shu vaqtgacha barcha musobaqalarda olti marta maydonga tushdi. Ammo jami o‘ynagan vaqtini hisoblasak, atigi 101 daqiqa. Bu esa hali to‘liq imkoniyat berilmaganini ko‘rsatadi.

Endrik esa Braziliyadan kelgan yosh legioner. U 19 yoshda bo‘lishiga qaramay, "Palmeyras" safida katta tajriba to‘plagan. Lekin "Real"ni Alonso boshqara boshlaganidan beri u hali biror marta maydonga tushmagan. Shu bilan birga, uning nomiga Yevropaning yirik klublari — "Manchester Yunayted", "Pari Sen-Jermen" va "Marsel" tomonidan qiziqish bildirilaetgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan.

Taxminlarga ko‘ra, Alonso yoshlar bilan ehtiyotkorona ish tutmoqda. Ularni jamoa tizimiga bosqichma-bosqich qo‘shishni, ularni kuchli raqobat muhitida ruhiy va taktik jihatdan tayyorlab olishni maqsad qilgan. Sababi, "Real"da asosiy tarkibdagi har bir o‘rin uchun kamida ikki tajribali futbolchi kurash olib boradi.

Bu ikki yosh hujumchi uchun bu davr sinov, sabr va rivojlanish bosqichi hisoblanadi. Ularga ishonch bildirilmoqda, faqat bu ishonchni amalda isbotlash uchun vaqt kerak.

Shunday qilib, "Real" safida ichki raqobat nafaqat yoshlar, balki barcha futbolchilar uchun sinov maydoni bo‘lib qolmoqda. Alonsoning so‘zlariga ko‘ra, maydonga chiqish uchun nafaqat iqtidor, balki sabr va doimiy mehnat ham talab qilinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Real"da raqobat yuqori: Alonso yoshlar haqida fikr bildirdi