Angliya chempioni “Liverpul”da vaziyat tobora keskin tus olmoqda. Jamoa ketma-ket to‘rt marta mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, bosh murabbiy Arne Slotning taqdiri jamoa rahbariyati va muxlislar orasida muhokama mavzusi bo‘ldi.
Shu fursatda “Enfild” atrofida yana bir tanish nom yangradi — Yurgen Klopp. Germaniyalik mutaxassisning jamoaga ehtimoliy qaytishi borasidagi gap-so‘zlar faollashdi. Kloppning o‘zi ham bu borada ochiq fikr bildirdi.
«Men hech qachon Angliyaning boshqa klublarini boshqarmayman, deganman. Shu bois agar bu mamlakatga murabbiy sifatida qaytsam, borar joyim faqat “Liverpul” bo‘ladi. Nazariy jihatdan buning imkoni bor», — dedi Yurgen Klopp jurnalistlarga bergan intervyusi vaqtida.
Ma’lumot uchun, Klopp 2015-yildan 2024-yilgacha “Liverpul”ni boshqarib, klubni Yevropaning eng kuchli jamoalari safiga qaytara olgan. Uning rahbarligida mersisaydliklar 2019-yilda Yevropa Chempionlar ligasida, 2020-yilda esa Angliya Premer-ligasida g‘alaba qozongan.
Tahlilchilar fikricha, “Liverpul”ning so‘nggi natijalari klubda jiddiy ichki o‘zgarishlar ehtimolini kuchaytirgan. Muxlislar orasida esa Kloppning qayta kelishiga umid yana kuchaydi.
Ayni paytda Arne Slotning taqdiri bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilinmagan. Ammo “Liverpul”ning kelgusi o‘yinidagi natija jamoa rahbariyati uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!