Osiyo Chempionlar ligasi Elit bosqichining 3-turida “Nasaf” safarda “Shabab Al Ahli” jamoasiga qarshi bahsda 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng “ajdarlar” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida jamoa o‘yini va natija haqida fikr bildirdi, deb xabar berdi klub matbuot xizmati.
“Bugun “Shabab Al Ahli” bizdan ko‘ra har jihatdan ustun bo‘ldi. Ular to‘pni yaxshi nazorat qildi, tezkor qarorlar qabul qildi va golli vaziyatlardan unumli foydalandi. Shuning uchun g‘alaba ularning haqqoniy yutug‘i bo‘ldi. Raqibni g‘alaba bilan tabriklayman”, — dedi Berdiyev.
Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, “Nasaf” rejalashtirgan taktik yo‘nalishini to‘liq amalga oshira olmagan: “Afsuski, himoyada ham, hujumda ham ko‘zlangan ishni bajara olmadik. Ayrim epizodlarda intizom yo‘qoldi, bu esa raqibga imkoniyat yaratdi. Birinchi bo‘limdagi xatolar keyingi natijani belgilab berdi.”
Shu bilan birga, Berdiyev jamoa ruhiyatini yo‘qotmaganini ta’kidlab, keyingi turlarda xatolar ustida ishlanishini qo‘shimcha qildi. “Bunday mag‘lubiyatlar saboq bo‘lishi kerak. Biz hali oldindagi o‘yinlarda o‘z so‘zimizni aytamiz”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, “Nasaf” keyingi bahsini o‘z maydonida o‘tkazadi. Jamoa Elit guruh bosqichidagi imkoniyatlarini saqlab qolish uchun keyingi o‘yinda g‘alaba qozonishi shart bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!