
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) «Nasaf» klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevning so‘zlari yuzasidan rasmiy surishtiruv boshlaganini ma’lum qildi. Bu qaror «Nasaf» va OKMK jamoalari o‘rtasida 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida aytilgan fikrlardan so‘ng qabul qilindi.
Belgilanishicha, «ajdarlar» ustozi matbuot anjumanidagi bayonoti bilan futbol jamoatchiligi orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi.
«Neftchi»ni ko‘p gapirishmoqda, lekin biz ham qarab turmaymiz. Biz anchadan buyon mag‘lub bo‘lmadik va chempionlikka loyiqmiz. “Neftchi”ning qanchalik harakat qilayotganini OAV ham yaxshi biladi. Agar “Neftchi” ushbu vazifani amalga oshirsa, qahramonlar maydonda emas, maydon ortida bo‘ladi, deb o‘ylayman», — degandi Berdiyev o‘sha anjumanda.
Uning ushbu so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda va sport jurnalistlari orasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Berdiyevni ochiq fikr bildirgan murabbiy sifatida qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, boshqalar bu bayonotni musobaqa shaffofligiga shubha soluvchi gap sifatida baholadi.
O‘FA bu holat yuzasidan maxsus o‘rganish ishlarini boshlab, vaziyatga huquqiy baho berishini rasman ma’lum qildi.
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mazkur holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazadi va unga huquqiy baho beradi», — deyiladi tashkilot bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Ro‘ziqul Berdiyev — mamlakatning eng tajribali murabbiylaridan biri bo‘lib, «Nasaf»ni ichki chempionat va xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga yetaklab kelmoqda. Uning so‘zlari, ayniqsa, chempionlik taqdiri hal bo‘layotgan mavsumda sport muhitini yanada qizitib yubordi.
Shunday ekan, bu surishtiruv natijasi nafaqat Berdiyevning shaxsiy faoliyatiga, balki butun milliy chempionat muhitiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Futbol muxlislari esa endi O‘FA qarorini katta qiziqish bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!