date

Ro‘ziqul Berdiyev: “Al Vahda”ga qarshi bahs taqdirimizni hal qiladi

Ro‘ziqul Berdiyev: “Al Vahda”ga qarshi bahs taqdirimizni hal qiladi

Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 4-turi doirasida “Nasaf” jamoasi navbatdagi muhim uchrashuvni o‘z uyida BAAning kuchli klubi “Al Vahda”ga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bahs arafasida Qarshi klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev hamda hujumchi Husayn Norchayev ishtirok etgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi klub matbuot xizmati.

Berdiyevning ta’kidlashicha, “Nasaf”ni juda murakkab raqib kutmoqda. “Elit Ligada har bir o‘yin og‘ir, ammo “Al Vahda” bugungi kunda o‘ziga xos tarkibga ega va joriy mavsumda deyarli mag‘lub bo‘lmagan jamoa. Ular yaxshi shakllangan, o‘yin uslubi barqaror. Biz raqib haqida yetarlicha tahlil o‘tkazdik va yigitlarga kerakli ma’lumotlarni yetkazdik. Guruhdagi vaziyatni yaxshilash uchun bu o‘yinda g‘alaba zarur”, — dedi murabbiy.

Husayn Norchayev ham jang oldidan fikr bildirdi: “O‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga maydonda bor kuchimiz bilan harakat qilib, muxlislarni xursand qilishni istaymiz”, — dedi u ishonch bilan.

Muxlislar “Nasaf”dan aynan shu uchrashuvda g‘alaba kutishmoqda, chunki bu bahs guruh taqdirini keskin o‘zgartirishi mumkin. Berdiyev bunday fursatning mas’uliyatini yaxshi his etayotganini ta’kidladi: “Har bir o‘yinda natija kutgan muxlislarimizni xursand qilish biz uchun katta burch. Bu bahs biz uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Shu sabab g‘alaba va ilk ochkolarni olish – eng muhim vazifa.”

Husayn Norchayevdan jamoa ustidan bosim bor-yo‘qligi haqida so‘ralganda, u javob berdi: “Bizda bosim yo‘q. Hamma yigitlar jangga tayyor. Hozirgi holatimiz yaxshi, maydonda bor kuchimiz bilan kurashamiz.”

Suhbat davomida Berdiyevga “Al Vahda” bilan avvalgi uchrashuvlar haqida ham savol berildi. Murabbiy shunday deb javob berdi: “Menimcha, 2001-yili ularga qarshi o‘ynaganmiz. Keyinroq “Al Vasl” bilan to‘qnash keldik. O‘sha vaqtlarda biz Chempionlar Kubogida yarim finalgacha yetib borganmiz. Bu ham “Nasaf” tarixida muhim sahifa edi. Hozir esa boshqa zamon, raqiblar ham ancha kuchaydi.”

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha yillarda “Nasaf”ning yutuqlari katta moliyaviy imkoniyat emas, balki jamoaviy ishtiyoq va intizom tufayli bo‘lgan. “O‘shanda ham bizda tajribali o‘yinchilar bor edi. Hozir esa arab klublari legionerlarga katta sarmoya kiritmoqda. Bu ularning o‘sishiga ta’sir qildi. Ammo bizda ham salohiyat bor, faqat ishonch va harakat kerak,” — dedi u.

Jurnalistlar “Nasaf”ning ikki frontda – Superliga va OCHLda – bir vaqtning o‘zida o‘ynayotganini eslab, qaysi musobaqaga ustuvor ahamiyat berilayotganini so‘rashdi. Berdiyev bunday dedi: “Bu ikkinchi mavsum, shunday holatda qoldik. Hozirgi paytda ko‘proq Superligaga e’tibor qaratyapmiz, ammo Elit Ligada ham imkoniyat bor. Arab jamoalariga qarshi kurashish qiyin, ammo niyatimiz – keyingi bosqichga chiqish.”

“Al Vahda”ning kuchli tomoni sifatida to‘pga egalik qilishdagi ustunligi haqida gap ketganda, murabbiy shunday fikr bildirdi: “Raqib texnik jihatdan yetuk. Biz buni inobatga olgan holda harakat qilamiz. Oxirgi ikki kun davomida jismoniy tiklanishga ko‘proq e’tibor berdik. Ertaga mazmunli o‘yin emas, natija muhim bo‘ladi. Shu natija uchun maydonda bor kuchimizni ishga solamiz.”

Ertangi bahs “Nasaf” uchun faqat ochko masalasi emas, balki klubning nufuz va ishonchini qayta tiklash imkoniyati ham bo‘ladi. Muxlislar Qarshi klubidan yangi sahifa ochishni kutishmoqda — g‘alaba orqali jamoa yana o‘z an’anaviy ruhiyatini tiklay oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: “Al Vahda”ga qarshi bahs taqdirimizni hal qiladi