2009 yil Madridning «Real» jamoasida ulkan islohotlar yuz beradi. Jamoa prezidenti etib Florentino Peres tayinlanadi va «Yangi galaktikos»ning qurilish ishlari boshlanib ketadi. Ronaldu, Kaka, Benzema va Xabi Alonso kabi futbolchilarning klub bilan shartnoma imzolashlari katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi.
O‘sha paytlarda jamoada iqtidorli hollandiyalik futbolchilar — Robben hamda Sneyder to‘p surishardi. Ammo ular qanchalik iqtidorli va kuchli futbolchilar bo‘lishmasin, baribir Ronaldu va Kakaning soyasida qolib ketishlari aniq edi. Tabiiyki, bu holat futbolchilarning o‘zlariga ham, klubga kelgan yangi prezidentga ham ma’qul kelmaydi va futbolchilar transferga qo‘yiladi. Shundan so‘ng, Robben «Bavariyaga», Sneyder esa «Inter» jamoasiga transfer qilinadi.
Voqealar rivoji qay tariqa tus olganligidan xabaringiz bor, albatta. O‘sha mavsumning o‘zidayoq, Manuel Pellegrini qo‘l ostidagi «galaktikos» Chempionlar Ligasining 1/8 finalida qoqilishadi. Jamoani tark etgan hollandiyalik futbolchilar esa, aksincha, EChL finalida bir-biriga qarshi maydonda to‘p surishadi. Ueslining omadi chopadi o‘shanda va «Inter» «Bavariya» ustidan 2-0 hisobida zafar quchadi.
Uesli Sneyder hamda Aren Robben «Real» jamoasidan ketib, to‘g‘ri qaror qabul qilishganlariga amin bo‘lishdi. Natijada, Hollandiya terma jamoasi o‘sha mavsumning yozida JAR maydonlarida kechgan jahon chempmonati finaliga qadar etib boradi va «qizil furiyaga» alamli tarzda 0-1 hisobda mag‘lub bo‘ladi. Albatta, finalda mag‘lub bo‘lish juda alamli, lekin umuman olganda mavsum ushbu ikki futbolchi uchun juda omadli kelganligi bor gap. Darhaqiqat, bunday yirik musobaqalarda finalga qadar etib borishning o‘zi katta ish hisoblanadi. Axir, buning zamirida qanchadan-qancha ter to‘kishlar, qancha mashaqqatli kunlar yotmagan edi, deysiz.
Uesli Sneyderning faoliyati bir maromda davom etmagan bo‘lsa-da, Robben uchun aksincha bo‘ldi. U o‘z faoliyati davomida «Bavariya» safida bir necha marotaba «Galaktikosga» ro‘baro‘ keldi va g‘alabalarga ham, mag‘lubiyatlarga ham uchradi. Umuman olganda, Robenning «Bavariya» yutuqlari oldida xizmatlari beqiyosdir. Chindan ham, juda iqtidorli futbolchi. Sneyder ham shu. Florentino Peres bunday futbolchilarning xizmatlaridan voz kechganligiga pushaymon bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Futbolchilarning o‘zlari esa, «Realni» tark etib, to‘g‘ri qaror qabul qilishgan edilar. Ularni futbol ahli hurmat qiladi. O‘z klublarida va terma jamoalarida o‘chmas iz qoldiraolgan buyuk futbolchilar!
Bunday misollarni futbol olamida juda ko‘p keltirib o‘tishimiz mumkin. Misol uchun, o‘sha mavsumda Samuel Eto’O ham «Barselonani» tark etib, «Inter» bilan chempionlar ligasida g‘alaba qozongan edi. Drinkuoter ham o‘z vaqtida «Manchester Yunaytedni» tark etgan va o‘tgan mavsumda o‘zimiz guvohi bo‘lganimizdek, «Lester» bilan Angliya premer-ligasida chempionlikka erishdi. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, futbolchi o‘z faoliyati davomida turli qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘lib qolgan davrida, burilish yasashni eplay olishi kerak. Garchi, chetdan qaraganda, ushbu burilish orqaga tashlangan qadam sifatida e’tirof etilsa hamki, baribir shu yo‘lni tanlashda o‘zida kuch va iroda topishi lozim. Ana o‘shanda biron bir sovringa erishishi mumkin bo‘ladi. Shundagina, u o‘z oldiga yangi marralarni zabt etish vazifasini qo‘yadi va o‘sishga erishadi. Shubhasiz, bu ishlar uning faoliyatiga salbiy emas, aksincha ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Barchasi futbolchining o‘ziga hamda jamoani boshqaradigan murabbiyga bog‘liq. Yuqorida tilga olingan futbolchilar bosh murabbiy borasida muammoga duch kelishmadi. Bu ularning baxti. Aynan shu omil tufayli ham ular shu yutuqlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdilar.
Endi asosiy mavzuga o‘tamiz. Sezib turganingizdek, bugun terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov to‘g‘risida fikr yuritmoqchiman. Uning yaqinda Xitoyning «Shanxay SIPG» jamoasiga o‘tib ketganligi natijasida, bu holat muxlislarimizda katta qiziqish uyg‘otdi. Bundan taassurotlar turli xil bo‘ldi, fikr bildirishlar ham bir-biridan farq qiladi. Futbolimiz ihlosmandlarining yarmi bu qaror o‘zini oqlamagani hamda bu uning faoliyati davomida orqaga tashlangan ilk qadam deya hisoblashsa, ikkinchi yarmi buni ijobiy baholashmoqda. Quyida men ham ushbu transfer borasida o‘z fikrlarimni sizlar bilan birgalikda baham ko‘rmoqchiman.
Xo‘sh, terma jamoamiz sardorining Xitoyga transfer qilinganligi uning uchun foydalimi yoki aksincha? Terma jamoamiz bundan nima yo‘qotadiyu, nima yutadi? Shu mavzu borasida batafsilroq o‘z fikrlarimni yoritishga harakat qilib ko‘raman.
Odilning sobiq jamoasi «Krasnodar» to‘g‘risida gap ketganida, eng avvvlo ushbu jamoa Rossiya chempionatida grand qatoriga kirmasligini qayd etishimiz darkor. To‘g‘ri, jamoa so‘nggi yillarda chempionatda ham, Evropa ligasida ham barqaror o‘yin namoish etib kelmoqda. Ammo shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, bu yutuqlarning barchasiga jamoaning sobiq bosh murabbiyi Oleg Kononov ulkan hissa qo‘shishga erishgan. Ungacha jamoa Rossiya premer-ligasida o‘rtamiyona jamoa bo‘lib yurgan. Aynan Kononovning mahorati evaziga «Krasnodar» o‘z tarixida ilk bora bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bosh murabbiyning o‘yin falsafasi asosan markazdan tashkil etiladigan hujumlardan iborat edi va aynan shu taktika evaziga Odil Ahmedov jamoada etakchi rolni o‘ynardi. Uning o‘ninchi raqam ostida to‘p surgani ham bejizga emas. Afsuski, ushbu mavsumda chempionatda qo‘lga kiritilgan qoniqarsiz natijalar tufayli Kononov o‘z lavozimidan bo‘shatildi va jamoani Igor Shalimov qabul qilib oldi.
Yuqorida ta’kidlaganimdek, «Krasnodar» grand jamoa emas. Jamoa asosan Kononovning ajoyib faoliyati evaziga o‘z muxlislariga ushbu g‘alabalarni taqdim etishga muvaffaq bo‘lgan edi. Murabbiy almashgach esa, ushbu jamoa yana avvalgi holatini tiklay olishiga shaxsan mening ishonchim past. Birinchidan, jamoa «Zenit» yoki «Spartak» kabi transferlarga ko‘p pul sarf qilolmaydi. Kuchli futbolchilarni o‘z safiga jalb etolmaydi. Ikkinchidan, krasnodarliklar SSKA kabi o‘z akademiyasiga tayangan holda, kuchli o‘yin namoish qila olishmaydi. Uchinchidan, ularda Qurbon Berdiev yo‘q. Ana shu mantiqdan o‘ylab qaralsa, jamoa chempionatda yuqori o‘rinlar uchun kurash olib boraolishi ehtimoli yuqori emas. Qo‘shimchasiga, yangi bosh murabbiy Odil Ahmedovni asosiy tarkibga tushirmaganini bir necha marotaba kuzatdik. Demak, uning falsafasiga Ahmedov to‘g‘ri kelmayapti yoki u ushbu universal futbolchimizdan boshqa pozisiyada maydonda harakat qilishini talab etmoqda. Bu ham o‘z navbatida futbolchimiz uchun turli noqulayliklar tug‘dirishi mumkin bo‘lardi.
Endi Xitoy to‘g‘risida fikr almashamiz. «Shanxay SIPG» safida Xalk va Oskar kabi jahon yulduzlari to‘p tepishini eslatib qo‘yish lozim. Bundan tashqari, jamoani taniqli portugaliyalik bosh murabbiy Andre Villash-Boash boshqarib kelmoqda. Bu nomdor ismlar yangrashining o‘ziyoq, Odil Ahmedovning yangi jamoasi eskisidan ko‘ra kuchliroq ekanligidan dalolat beradi. Boz ustiga, so‘nggi paytlarda Xitoy futboliga katta sarmoyalar kiritilayotganligi zamirida mamlakatda Dide Drogba, Teves, Vitsel, Aleks Teysheyra, Jekson Martines hamda Braziliya terma jamoasining etakchi futbolchilari Paulino, Xalk va Oskar kabi juda iqtidorli futbolchilar paydo bo‘lishdi. Mamlakatda shuningdek, nomdor bosh murabbiylar orasida Skolari, Villash Boash, Marchelo Lippi, Pellegrinilarning nomlari zikr etilgan. Turgan gapki, Xitoy chempionati bugungi kunda Rossiya premer-ligasidan ancha ilgarilab ketgan. To‘g‘ri, Rossiyada to‘p surib, Evropa havosidan bahramand bo‘lish mumkindir, balki. Biroq, meni kechirasizlar-ku, hollandiyalik Promes («Spartak») va eronlik Sardor Azmun («Rostov») chempionatning eng kuchli legionerlari deya e’tirof etilayotgan bu mamlakatning o‘rtamiyona jamoasida maydonga tushishning o‘rniga, Xitoyda to‘p surish afzalroq emasmi?
Bugungi kunda, shubhasiz, Osiyoda barcha ichki chempionatlar orasida eng ilg‘or sanalgan Xitoy chempionatida ishtirok etish ham yomon natija emas. O‘z nuqtai nazarimga tayangan holda shuni aytishim kerakki, kuchli futbolchi deyarli yo‘q bo‘lgan chempionatda ishtirok etishdan ko‘ra, futbol olamidagi «yulduzlarni» o‘zida mujassam etgan Xitoy chempionatida chempionlik uchun kurashishlikni yuqori sanayman.
«Shanxay SIPG» futbol klubi birinchi navbatda bir necha yillardan buyon gegemonlik qilib kelayotgan «Guanchjou Evergrand» jamoasiga qarshilik ko‘rsatishni istaydi va aynan mana shu maqsadda o‘z tarkibini kuchaytirishga erishdi. Biz ham o‘z navbatida Odil Ahmedov va uning yangi jamoasiga omadlar tilab qolamiz. O‘ylaymanki, kuchli futbolchilar safida maydonga tushib va boshqa kuchli legionerlarga qarshi to‘p surib, futbolchimiz yanada o‘sishga hamda ochilmagan qirralarini ko‘rsatishga erishadi.
Darvoqe, boshida men hollandiyalik ikki yulduzni bekorga eslamadim. Orqaga tashlangan qadam ba’zida futbolchining faoliyatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ba’zida yangi cho‘qqilarning zabt etish yo‘lida aynan mana shunday «orqaga tashlangan qadamlar» xizmat qilishi mumkin. Faqat bunga to‘g‘ri yondoshilsa, kifoya. Xo‘sh, bu chindan ham orqaga tashlangan qadammi yoki oldingami? Ahmedov osiyoliklarning kuchsiz o‘yinlariga qarab, passivlashib ketadimi yoki kuchli legionerlarga suyangan holda progressga erishadimi? Bundan keyin terma jamoamiz o‘yini zaiflashib ketadimi yoki aksincha jamoamiz sardorining sermahsulligi ortidan barcha qiyinchiliklarni engishga erishadimi? Odil Ahmedov Sneyder kabi «yo‘qolib» qoladimi yoki Robbenga o‘xshab eng kuchlilar qatoridan joy egallaydimi? Bularning hammasi yolg‘iz futbolchining o‘ziga bog‘liq. Tag‘in, yana kim biladi, deysiz, balki taqdir taqozosi bilan hollandiyalik futbolchilar bilan sodir etilgan voqea takrorlanib, yangi mavsumda aynan ikki futbolchimiz Sardor Rashidov («Al Jayish») hamda Odil Ahmedov («Shanxay SIPG») OChL finalida bir-biriga qarshi maydonga tushib, ikki yildan so‘ng Osiyo kubogida terma jamoamiz safida finalga qadar etib borishar? Yurak qurg‘ur, har doimgidek, o‘shalmayotgan orzularning o‘shalishini istaydi-da, nima qilay?!
Temurmalik Tojiddinzoda “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
2050 yilda 1,2 milliardgacha odam yashash joyini tark etadi
Olimlar qahvaning ichakdagi bakteriyalar tarkibiga ta’sirini aniqladi
Qur’onni yoqqani uchun qamalgan Nikita Juravelga yangi hukm o‘qildi
Finlandiyada omon qolish kurslariga yozilayotgan ayollar soni keskin oshdi
Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari: u qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?
Superliga. 2025 yilgi mavsum qachon start olishi ma’lum qilindi