
Farg‘onaning faxri bo‘lgan «Neftchi» klubi uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana mamlakat futbolining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. 24 yillik sog‘inchga barham berib, oltin medallarni qo‘lga kiritgan jamoani qutlash uchun stadionga tashrif buyurgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hayajonli nutq so‘zladi va kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Chorak asrlik g‘alaba ta’mi
Viloyat rahbari o‘z nutqida ushbu kun tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan yozilishini ta’kidladi.
«Bugun biz naq 24 yil, qariyb chorak asr intiqlik bilan kutgan kun keldi. «Neftchi» o‘z tarixida oltinchi bor chempionlikni rasmiylashtirdi. Barchangizni ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin yurakdan muborakbod etaman! Bu yutuqlar zamirida Prezidentimizning sportga, xususan futbolga qaratayotgan yuksak e’tibori hamda futbolimizda qaror topgan adolat va halollik tamoyillari yotibdi», — dedi Xayrullo Bozorov.
2026-yil — o‘zbek futboli yili
Hokim yaqinlashib kelayotgan 2026 yil O‘zbekiston uchun unutilmas bo‘lishini, milliy terma jamoamiz ilk bor Mundialda ishtirok etishini faxr bilan eslatib o‘tdi. Shuningdek, O‘FA va PFL rahbariyatiga futbol rivojidagi hissalari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Vodiy ahliga tashakkur
«Neftchi»ning chempionlik yo‘lidagi mashaqqatli kunlarida jamoani yolg‘izlatib qo‘ymagan muxlislar e’tirof etildi. Hokim nafaqat farg‘onalik, balki qo‘shni Namangan va Andijon viloyatlaridan kelib, «Vodiyga katta futbol qaytmoqda» degan umid bilan jamoani qo‘llab-quvvatlagan barcha ishqibozlarga rahmat aytdi.
Asosiy maqsad — Futbol poytaxti
So‘zining yakunida Xayrullo Bozorov viloyatdagi boshqa jamoalar — «Qo‘qon-1912», «fard-u» va quyi liga vakillariga ham e’tibor kuchayishini ma’lum qildi.
«Mana, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham shu yerda turibdilar. Niyatimiz jiddiy: kelasi yili «Qo‘qon-1912» jamoasini ham g‘oliblar safida elitaga qaytarmoqchimiz. Nasib qilsa, Farg‘onani O‘zbekistonning haqiqiy futbol poytaxtiga aylantiramiz!», — deya ta’kidladi viloyat hokimi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.