
«Real Madrid» bosh murabbiyi Xabi Alonso navbatdagi matbuot anjumanida jamoaning o‘ng qanot himoyasidagi holatga oid bir qator savollarga atroflicha tushuntirish berdi. Uning javoblari muxlislarda ham qiziqish, ham kutilmagan fikrlar uyg‘otdi.
Mutaxassisdan birinchi bo‘lib Federiko Valverdeni yana bir bor himoyaning o‘ng tomonida ko‘rishimiz mumkinmi, degan savol so‘raldi. Alonso bu masalaga jiddiy yondashish zarurligini ta’kidlab, qarorni umumiy vaziyatdan kelib chiqib qabul qilishlarini bildirdi.
«Bizda boshqa taktik variantlar ham mavjud. Fede har doim jamoa manfaatini birinchi darajaga qo‘yadi. U bu pozitsiyada ham o‘zini ishonchli ko‘rsata olgan. Biroq bizda boshqa rejalar ham bor — barchasini ertagi o‘yin arafasida aniqlaymiz», — dedi murabbiy.
Valverdening o‘ng qanot himoyasidagi o‘yiniga berilgan savolga javoban esa Alonso sportchining ba’zi muhim o‘yinlarda top darajadagi mahorat ko‘rsatganini eslab o‘tdi:
«Yuventusga qarshi, “El-Klasiko”da — u o‘sha bahslarda juda yuqori saviyada harakat qilgan. Albatta, uning tabiiy pozitsiyasini bilamiz, ammo Fede jamoaga yordam berish uchun qo‘lidan kelganini ayamaydi. U klub ruhini, tamoyillarini chuqur his qiladi».
Shuningdek, Militaoning o‘ng qanot himoyachisi sifatida o‘ynashi haqidagi savol ham chetlab o‘tilmadi. Alonso bu ehtimolni inkor etmadi:
«Bu ham ko‘rib chiqiladigan variantlardan biri. Markaziy himoyadagi sharoitga qarab qaror qabul qilamiz. Militao Braziliya termasida bu pozitsiyada yaxshi tajriba orttirgan. Qaysi nuqtada unga ehtiyoj sezilsa — u o‘sha yerda ishonch bilan o‘ynay oladi».
Ma’lumki, 7-dekabr, yakshanba kuni «Santyago Bernabeu»da «Real» o‘z maydonida «Selta»ni qabul qiladi. Avvalroq klub rahbariyati Alonso loyihasiga ishonishi va uning kelajagi navbatdagi o‘yin natijalariga bog‘liq emasligi ma’lum qilingan edi.
Aniqki, Alonso qo‘l ostidagi taktik o‘zgarishlar va kadrlar bo‘yicha qarorlar muxlislar uchun yanada qiziqarli ssenariylar yaratib beradi. Keyingi o‘yinda aynan qaysi variant tanlanishi esa futbol jamoatchiligining asosiy savollaridan biriga aylangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.