
Vashington shahrida o‘tkazilgan “JCH–2026” qur’asi butun futbol jamoatchiligining diqqat markazida turdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi joy olgan “K” guruhi esa muxlislarda yanada ko‘proq qiziqish uyg‘otdi. Chunki guruhda jahon futbolida o‘z o‘rniga ega Portugaliya, dinamik tarkibga ega Kolumbiya va pley-off g‘olibi sifatida keladigan Yangi Kaledoniya, Yamayka yoki Kongo jamoalaridan biri joylashadi.
Bu jarayondan so‘ng futbol atrofida qizg‘in bahs-munozaralar boshlandi. Terma jamoamiz sobiq himoyachisi Anvar G‘ofurov ham Sports.uz saytiga bergan intervyusida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning aytishicha, guruhimiz kutilganidek kuchli raqiblardan tashkil topgan, ammo bu holat quvonchli jihatlarga ham ega:
— Avvalo, barcha muxlislarni tabriklayman. Kutilayotgan tarixiy kun yaqinlashmoqda. Portugaliya kabi top darajadagi terma jamoa bilan bir guruhda bo‘lish — bu o‘ziga yarasha sharaf. Jamoaning o‘ziga xos jozibasi bor, chunki ular tarkibida butun dunyoda katta muxlislarga ega bo‘lgan Krishtianu Ronaldu o‘ynaydi. Kolumbiya ham o‘z saviyasiga ega kuchli raqib. Bir so‘z bilan aytganda, guruhimiz juda raqobatbardosh, — dedi G‘ofurov.
U qur’adan avval kim kelishi muhim bo‘lmaganini ta’kidladi:
— Jahon chempionatida kuchsiz raqib degan tushuncha deyarli yo‘q. Qur’ani muxlis sifatida zavq bilan tomosha qildim. Guruhimiz kim bilan to‘ldirilishi men uchun katta farq qilmasdi, — deydi u.
G‘ofurov o‘zining eng asosiy fikrlaridan birini ham yashirmadi — u O‘zbekistonning guruhdan chiqish imkoniyatiga ishonadi:
— Menimcha, bizning terma jamoa guruhdan chiqish vazifasini bajara oladi. Quvvat, tajriba va o‘yin sifati bor. Futbolchilarimiz bu yo‘lni bosib o‘tishga tayyor, — deya ishonch bildirdi u.
Kolumbiyaga qarshi debyut o‘yinni esa u ijobiy tomondan baholaydi:
— Bu yaxshi imkoniyat. Chunki har ikki jamoa ham ilk o‘yinda ma’lum darajada bosim ostida bo‘ladi. Ularning o‘zaro kelishib ketishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Biz esa uchinchi turda to‘rtinchi savatdan kelgan raqibga qarshi eng optimal holatda borishimiz mumkin. Guruhdagi taqdir aynan shu uchrashuvda hal bo‘ladi, — deydi sobiq futbolchi.
Portugaliya va Ronalduga qarshi o‘yin haqida esa G‘ofurov shunday dedi:
— Hozirgi Portugaliya — bu faqat Ronaldu emas, balki har bir chiziqda yuqori saviyali o‘yinchilarga ega to‘laqonli terma jamoa. Ular favoritlardan biri. Biroq bu ularga qarshi imkoniyat yo‘q degani emas. Mundialda har qanday syurpriz bo‘lishi mumkin, — dedi u.
Anvar G‘ofurovning fikrlaridan ko‘rinib turibdiki, terma jamoamizni oldinda jiddiy sinovlar kutib turibdi, ammo ishonch va g‘ayrat kuchli. Bu tarixiy ishtirok oldidan muxlislar ham, ekspertlar ham jamoamizdan umidvor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.