date

Qirg‘iziston terma jamoasini jahon afsonasi Prosinechki boshqaradi

Qirg‘iziston terma jamoasini jahon afsonasi Prosinechki boshqaradi

Qirg‘iziston futboli uchun 10-dekabr tarixiy sana bo‘ldi. Bugun mamlakat futbol ittifoqi rahbari Kamchibek Tashiyev ishtirokida jahon futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassis — Robert Prosinechki bilan rasman shartnoma tuzildi. Yangi kelishuv 1-yil 1 oy muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, agar milliy jamoa “Osiyo Kubogi–2027”da munosib natija ko‘rsata olsa, rejaga muvofiq shartnoma yana 3-yilga uzaytiriladi.

Bu — Qirg‘iziston terma jamoasining yangi bosqichga o‘tishi, yangi g‘oyalar va zamonaviy futbol falsafasiga yo‘l ochishi bilan bog‘liq muhim qadam.

Yangi bosh murabbiy Robert Prosinechki — futbol maydonlarining haqiqiy jonli rivoyati. U “Real Madrid”, “Barselona” va “Srvena Zvezda” kabi ulkan grandlarda o‘ynagan, JCH–1998da Xorvatiya bilan bronza medalini qo‘lga kiritgan, ta’sirchan texnik mahorati va o‘yin tafakkuri bilan butun dunyoga tanilgan.

Shu bilan birga, Prosinechki terma jamoalar bilan ishlash tajribasiga ham boy:

• Xorvatiya (2006–2010)

• Ozarbayjon (2014–2017)

• Bosniya va Gersegovina (2018–2019)

• Chernogoriya (2024–2025)

Bu tajribalar unga turli mentalitet, turli futbol maktablari va har xil taktik uslublar bilan ishlash imkonini bergan — bu esa Qirg‘iziston terma jamoasi uchun katta plyus.

Prosinechki kim bo‘lgan? Nega u afsona sanaladi?

Robert Prosinechki 90-yillar avlodi orasida o‘yinni yuritish, maydonni ko‘rish, pas aniqligi va jarima maydonchasidan tashqari zarbalari bilan tengsiz bo‘lgan. U “Srvena Zvezda” safida 1991-yilda Yevropa Chempionlar Kubogini qo‘lga kiritgan, o‘sha davr belgradliklarning “miyasi” sifatida e’tirof etilgan.

U mana shunday noyob maqomga ega futbolchi:

• “Real” va “Barselona” kabi o‘zaro keskin raqobatchi klublar tarkibida o‘ynagan kam sonli futbolchilardan biri;

• Jahon chempionatlari tarixida ikki xil davlat terma jamoasi safida gol urgan yagona futbolchilardan;

• 1987 yilgi Yoshlar Jahon chempionatida — “Oltin to‘p” sohibi;

• 1990 yilgi mundialda — “Eng yaxshi yosh futbolchi”;

• 1998-yilda — Xorvatiyaning bronza muvaffaqiyatida muhim figura;

• Angliyaning “Portsmut” jamoasida esa afsonaga aylangan futbolchi sifatida yodda qolgan.

Qirg‘izistonning uni bosh murabbiy sifatida chaqirishi — katta ishonch, katta maqsad va katta mas’uliyat demakdir. Yangi murabbiy nafaqat tajribasi, balki muvaffaqiyatga intiladigan falsafasi bilan ham jamoaga yangi ruh olib kirishi kutilayapti.

Ko‘rib turibsiz — Qirg‘iziston futboli yangi sahifani ochdi. Prosinechki boshchiligidagi milliy jamoadan muxlislar ham umid, ham ishonch bilan kutmoqda. Uning kelishi Markaziy Osiyo futboli uchun ham katta voqea.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Qirg‘iziston terma jamoasini jahon afsonasi Prosinechki boshqaradi