
So‘nggi kunlarda “Liverpul” atrofida muhokama markazida turgan asosiy mavzu – Muhammad Saloh va uning klubdan norozilik ifodalari bo‘ldi. Malumki, misrlik superhujumchi ketma-ket uchta bellashuvda asosiy tarkibdan joy ololmaganidan so‘ng, jamoani omma oldida tanqid qilgan edi. U o‘z bayonotida shunday degandi:
“Bu hol menga qattiq ta’sir qilyapti. Men APLda titul yutganman, bu avlodda eng ko‘p gol uryapman. Nima uchun bu jarayon shunday adolatsiz yakunlanishi kerak?”
Shundan so‘ng “qizillar”ning sobiq himoyachisi, klub afsonalaridan biri Jeymi Karrager uni keskin tanqid qilib chiqdi. Karrager o‘z fikrida Salohga va uning agentlariga qator eslatmalar ham berdi:
“Men unga “Liverpul”ga kelmasidan oldin “Chelsi”da omadsizlikka uchragan futbolchi bo‘lganini aytardim. U klubga qo‘shilguncha katta yulduz emasdi. Misr bilan ham yirik sovrin olmagan”, — degandi u.
Biroq vaziyat tez orada yangi yo‘nalish oldi. Karrager o‘zining biroz qattiq bayonotlari haqida o‘ylab ko‘rgach, Salohdan omma oldida rasman uzr so‘radi. CBS Sports efirida u bunday dedi:
“Mo, seni ranjitgan bo‘lsam, ko‘ngildan uzr so‘rayman. Men seni “Liverpul” tarkibidagi muhim va yurakdan hurmat qiladigan futbolchi deb bilaman. Faqatgina maydondan tashqarida o‘zingni ko‘proq to‘g‘ri tutishingni istaganman”, — deya munosabat bildirdi Karrager.
Bu voqea “Liverpul” atrofidagi ichki kayfiyat va jamoa ichidagi munosabatlar haqida yana bir bor turli savollarni ko‘tardi. Biroq har ikki tarafning ochiq muloqoti vaziyatni yumshatib, muxlislar uchun ham tinchlik hissini qaytardi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.