
«Real Madrid» bosh murabbiyi Xabi Alonso Chempionlar ligasida «Manchester Siti»ga qarshi kechgan bellashuvdan so‘ng uncha-muncha mutaxassis aytmaydigan ochiq fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, natija qoniqarli bo‘lmaganiga qaramay, jamoa maydonda bor kuchini ishga solgan.
Alonsoning aytishicha, «qirollik klubi» o‘yinni aktiv boshlab, hisobni ochgani — tasodif emas, balki rejaga asoslangan harakat edi. Biroq raqib jamoa 10 daqiqa ichida burchak zarbasi va penaltidan foydalanib, vaziyatni o‘z foydasiga burib yubordi.
«Bizda afsuslanadigan hech qanday jihat yo‘q. Yigitlar oxirigacha matonat bilan kurashdi, o‘yinni yaxshi boshladik va ilk golni urdik. Ammo raqib ikki standart holatdan so‘ng qisqa fursatda hisobni o‘zgartira oldi. Juda keskin, yonma-yon kurashlar ostida o‘tgan uchrashuv bo‘ldi.
Gol o‘tkazgan vaziyatlarda kerakli darajada puxta harakat qila olmadik, shuni tan olish kerak. Biroq shu holatlardan keyin ham jamoa taslim bo‘lmadi va o‘yinni tark etmadi. Imkoniyatlar bo‘ldi, faqat hal qiluvchi zarbada bir oz aniqlik yetishmadi. Shunga qaramay, men yigitlarning birortasini ayblamayman», — dedi Alonso.
Hozirgi ko‘rinishdan ma’lumki, murabbiy jamoaga ishonadi, jamoa esa murabbiyning g‘oyalariga. Bellashuv natijasi yaxshi bo‘lmaganiga qaramay, «Real»da qaytmas ruh, yuksak ishonch va keyingi turlarda o‘zini tiklab olishga kuch borligi ko‘rinib turibdi.
Muxlislar esa yana bir bor ko‘rdi: bu jamoa har qanday sharoitda oxirigacha kurashadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.