date

Xabi Alonso “Real”ning kechagi qiyin g‘alabasi haqida nimalar dedi?

Xabi Alonso “Real”ning kechagi qiyin g‘alabasi haqida nimalar dedi?

La Liganing 16-turi doirasida “Alaves” ustidan 2:1 hisobida qo‘lga kiritilgan g‘alabadan keyin “Real Madrid” bosh murabbiyi Xabi Alonso jamoadagi o‘zaro ishonch va birdamlik masalasiga alohida to‘xtaldi. Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, aynan jamoaviy ruh va yagona maqsad sari harakat qilish g‘alabalarning asosiy kalitidir.

Uchrashuvda hal qiluvchi golga assist amalga oshirgan Vinisius Junior to‘p kiritilganidan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri murabbiy oldiga yugurib borib, Alonsoni quchoqladi. Bu holat oxirgi paytlarda braziliyalik futbolchi bilan bosh murabbiy o‘rtasida kelishmovchilik borligi haqida tarqalgan gap-so‘zlarga munosib javob bo‘ldi. Maydondagi ushbu epizod jamoa ichidagi muhit sog‘lom ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Xabi Alonso o‘z fikrlarida “Real” hozir faqat o‘z o‘yiniga e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har uch kunda o‘tayotgan bahslar jamoadan to‘liq konsentratsiya va yuqori tayyorgarlik talab qilmoqda. Ayniqsa, bir qator asosiy futbolchilar yo‘qligiga qaramay qo‘lga kiritilgan g‘alaba murabbiy tomonidan yuqori baholandi.

Alonso shuningdek, yosh futbolchi Valdepenyasning debyutini ham alohida qayd etdi. Murabbiy uni birinchi o‘yini va maydondagi harakatlari bilan tabriklab, bunday ishonch yoshlar uchun muhim qadam ekanini ta’kidladi.

“Biz hammamiz yagona maqsad yo‘lida mehnat qilyapmiz. Hozirgi sur’atni saqlab qolish juda muhim, chunki bitta g‘alaba hali yetarli emas. Oldinda uzoq yo‘l bor va faqat jamoaviy birlikgina bizga barqaror o‘sishni ta’minlab beradi”, — dedi Xabi Alonso.

Bu g‘alaba “Real” uchun nafaqat navbatdagi uch ochko, balki jamoa ichidagi ishonch va birdamlik yanada mustahkamlanayotganining yaqqol belgisi bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Xabi Alonso “Real”ning kechagi qiyin g‘alabasi haqida nimalar dedi?