date

Angliya Premer-ligasida grandlarga loyiq yangi yarim himoyachilar

Angliya Premer-ligasida grandlarga loyiq yangi yarim himoyachilar

Angliya Premer-ligasi nafaqat shiddati va raqobatbardoshligi, balki yuqori saviyadagi iste’dodlar bilan boyligi orqali ham dunyo futbol muxlislarining diqqat markazida qolmoqda. Har bir mavsum yangi qahramonlarni kashf etayotgan bu chempionatda ayrim futbolchilar allaqachon grand klublar e’tiboriga tushib ulgurgan.

Angliyalik futbol tahlilchilari yaqin kelajakda top-klublar safiga qadam qo‘yishi mumkin bo‘lgan yarim himoyachilar ro‘yxatini shakllantirdi. Mutaxassislar fikricha, yozgi transferlar davri aynan ushbu futbolchilar uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Chunki ularning o‘yini, statistikasi va taktik imkoniyatlari katta jamoalar talablariga to‘liq javob beradi.

Ro‘yxatda birinchi bo‘lib “Nottingem Forest”ning 23 yoshli yarim himoyachisi Elliot Anderson tilga olinadi. U to‘p bilan harakat qilishdagi erkinligi, tezkor driblingi va hujumni oldindan his qila olish qobiliyati bilan ajralib turadi. Anderson tezlikka asoslangan, to‘g‘ridan to‘g‘ri futbolni yoqtiradigan jamoalar uchun ayni muddao. Shu bois uning uslubi “Manchester Yunayted” yoki “Tottenem” kabi klublar falsafasiga juda mos kelishi ta’kidlanmoqda.

Keyingi nom — “Kristal Pelas” safida porlayotgan 21 yoshli Adam Uorton. U markaziy yarim himoyada aql bilan o‘ynaydigan, o‘yin sur’atini nazorat qila oladigan futbolchi sifatida baholanmoqda. Pozitsion o‘yinda to‘pni aniq taqsimlashi, to‘g‘ri qaror qabul qilishi va maydonni o‘qish qobiliyati uning asosiy kuchli jihatlaridir. Bunday sifatlar esa har qanday top-jamoa uchun katta qadriyat hisoblanadi.

Ro‘yxatni “Aston Villa”ning 23 yoshli universal yarim himoyachisi Morgan Rojers yakunlaydi. U yarim himoya bilan hujum chizig‘ini bog‘lay olishi, jarima maydoniga keskin kirib borishi va uzoq masofadan xavfli zarbalar yo‘llashi bilan muxlislar e’tiborini qozongan. Rojersning ko‘p qirraliligi uni “Liverpul” yoki “Manchester Siti” kabi yuqori bosim va tezkor o‘yinni afzal ko‘radigan klublar uchun jozibali nomga aylantirmoqda.

Mutaxassislar fikricha, ushbu uch futbolchi uchun kurash allaqachon boshlangan. Agar hammasi reja bo‘yicha kechsa, yaqin mavsumlarda ularni Angliya va Yevropa futbolining eng nufuzli klublari safida ko‘rish ehtimoli juda yuqori.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Angliya Premer-ligasida grandlarga loyiq yangi yarim himoyachilar