date

Samvel Babayan: Andijon Qatardagi sinovga tayyor holda boradi

Samvel Babayan: Andijon Qatardagi sinovga tayyor holda boradi

“Andijon” jamoasi O‘zbekiston U21 terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng klub bosh murabbiyi Samvel Babayan tayyorgarlik jarayoni, jamoaning holati va oldinda turgan muhim bellashuvlar haqida fikrlarini bildirdi.

Tajribali murabbiyning ta’kidlashicha, mazkur o‘rtoqlik bahsi jamoa uchun Osiyo Chempionlar ligasidagi muhim o‘yin oldidan so‘nggi tekshiruv vazifasini o‘tagan. Chempionat yakunlanganidan keyin futbolchilarga qisqa dam berilgan, 5 dekabrdan esa rejali tarzda mashg‘ulotlar boshlangan.

— Albatta, mavsumdan keyin ayrim muammolar bor edi. Jamoada bir nechta jarohatlangan o‘yinchilar bo‘ldi, ba’zilari tayyorgarlikka kechroq qo‘shildi. Shu sabab optimal tarkibni to‘liq shakllantirish qiyin kechdi. Ammo shu o‘yinlar orqali imkoniyatlarimizni ko‘rib oldik, — dedi Babayan.

Murabbiy ayniqsa futbolchilarning intizomi va berilgan ko‘rsatmalarni bajarish darajasidan mamnun ekanini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa so‘nggi turda “Bunyodkor”ga qarshi namoyish etgan yaxshi o‘yinini ham aynan shu ruhda tasdiqlab bergan.

Samvel Vyacheslavovichning ma’lum qilishicha, jamoa ertaga Qatarga yo‘l oladi. U yerda to‘rt kun davomida mashg‘ulotlar o‘tkazilib, “Al-Ahli”ga qarshi uchrashuvga aniq reja asosida tayyorgarlik ko‘riladi.

— Umuman olganda, tayyorgarlik jarayonidan qoniqdim. Agar barchamiz o‘z ishimizga professionallarcha yondashib, bor kuchimizni bersak, natija albatta keladi. Yigitlar jismonan ham, ruhan ham tayyor, — dedi murabbiy.

Shuningdek, u jamoa bilan viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboyevich uchrashib, futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya berganini ham qayd etdi. Bu esa jamoadagi umumiy ruhni yanada ko‘targan.

Babayanning so‘zlariga ko‘ra, 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan bahsga “Andijon” imkoni boricha to‘liq va optimal tarkibda chiqadi. Asosiy maqsad — munosib o‘yin ko‘rsatish, muxlislarni quvontirish va ijobiy natija bilan yurtga qaytish.

Xulosa qilib aytganda, “Andijon” jamoasi oldindagi sinovlarga jiddiy tayyorgarlik bilan kirib kelmoqda va Qatardagi uchrashuvda muxlislar umidini oqlashga bel bog‘lagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: Andijon Qatardagi sinovga tayyor holda boradi