
Bugun o‘tkazilgan professional boks oqshomining eng katta diqqat markazidagi janglaridan biri bloger Jeyk Pol va sobiq jahon chempioni Entoni Joshua o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Kutilganidek, tajriba va "klass" farqi ringda yaqqol sezildi va bahs oltinchi raundda amerikalik sportchining nokaut bo‘lishi bilan yakunlandi.
Jangdan so‘ng e’lon qilingan rasmiy statistik ma’lumotlar ham Entoni Joshuaning ustunligini to‘liq tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, Jeyk Pol butun jang davomida raqibiga jami 56 ta zarba yo‘llagan. Ammo ularning atigi 16 tasigina aniq manzilga yetib borgan. Bu esa Polning samaradorligi yetarli darajada bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Entoni Joshua esa butun jangni nazorat ostida ushlab turdi. Britaniyalik bokschi 146 ta zarba yo‘llab, ulardan 48 tasini aniq nishonga yetkazdi. Bu deyarli 33 foizlik aniqlik degani bo‘lib, yuqori darajadagi professional ustunlikni ifoda etadi.
Jeblar bo‘yicha ham raqamlar deyarli teng ko‘ringaniga qaramasdan, kuchli zarbalarda Joshuaning afzalligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. U kuchli zarbalarning 43 foizini aniq yetkazgan bo‘lsa, Polda bu ko‘rsatkich 40 foiz atrofida qoldi. Eng katta farq esa tanaga berilgan zarbalarda kuzatildi: Joshua raqibining tanasiga 12 marta aniq zarba yo‘llagan, Pol esa bu borada atigi ikki marta muvaffaqiyat qozongan.
Ushbu raqamlar jang ssenariysi tasodif emasligini, g‘alaba to‘liq nazorat va tajriba hisobidan qo‘lga kiritilganini ko‘rsatadi. Entoni Joshua yana bir bor o‘zining elita darajadagi bokschi ekanini isbotladi, Jeyk Pol esa yuqori saviyada raqobat qilish uchun hali oldinda katta yo‘l borligini anglab yetdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.