date

Ro‘ziqul Berdiyev "Al Ittihod"ga qarshi ertangi o‘yin haqida fikrlarini bildirdi

Ro‘ziqul Berdiyev "Al Ittihod"ga qarshi ertangi o‘yin haqida fikrlarini bildirdi

Osiyo Chempionlar Ligasi Elit musobaqasi 6-turi doirasida bo‘lib o‘tadigan «Al Ittihod» – «Nasaf» uchrashuvi oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va jamoa himoyachisi Zafarmurod Abdurahmatov savollarga javob berishdi.

Ro‘ziqul Berdiyev:

— Assalomu alaykum. «Al Ittihod» jamoasini juda yaxshi bilamiz. Ular tarkibida yulduz futbolchilar jamlangan, kuchli jamoa. Ertangi uchrashuv biz uchun oson bo‘lmasligini yaxshi tushunamiz. Bizda futbol mavsumi allaqachon yakunlangan. Ushbu o‘yinga 10 kun davomida tayyorgarlik ko‘rdik. Futbolchilarimizning kayfiyati yaxshi va bellashuvga tayyormiz.

— Ertaga sizni «Al Ittihod»ga qarshi og‘ir uchrashuv kutmoqda. Ushbu bahsda o‘z imkoniyatingizni qanday baholaysiz?

— OCHL Elit musobaqasida faqat eng kuchli jamoalar ishtirok etadi. Biroq bitta o‘yinda har qanday jamoa yaxshi tayyorgarlik evaziga ijobiy natijaga erishishi mumkin. Biz ertaga tartibli harakat qilib, yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz. Bu oson bo‘lmaydi, ammo o‘z futbolimizni namoyish etishga intilamiz.

— Jamoangizning turnir jadvalidagi hozirgi o‘rni uning asl salohiyatini to‘liq aks ettirmaydi. Shunga qaramay, ertangi mag‘lubiyat keyingi bosqich imkoniyatlarini yo‘qqa chiqaradi. Bu boradagi fikringiz qanday?

— Biz ushbu musobaqada beshta uchrashuv o‘tkazdik. «Al Ahli» va «Al Hilol» kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushdik. O‘ylaymanki, bu bahslarni ko‘rgansizlar — biz ularga munosib qarshilik ko‘rsata oldik. «Al Ittihod» ham aynan shunday kuchli jamoalar qatoriga kiradi. Ertaga ularga qarshi ham bor kuchimiz bilan o‘ynaymiz. Ushbu bellashuv biz uchun so‘nggi imkoniyat ekanini yaxshi tushunib turibmiz. Jamoamiz bu uchrashuvga to‘liq tarkibda kelmadi. Shunga qaramay, ertaga ayrim yosh futbolchilarga ham imkoniyat beramiz. O‘zbekistonda futbol mavsumi yakunlangan, ushbu bahs esa biz uchun 2025-yildagi so‘nggi o‘yin bo‘ladi. Shu sabab barcha e’tiborimizni aynan ushbu uchrashuvga qaratganmiz.

— Siz to‘liq tarkibda kelmaganingizni aytdingiz. Ertangi uchrashuv jamoa uchun so‘nggi imkoniyat ekanini hisobga olib, kuchli raqibga qarshi yoshlar bilan qanday o‘ynashni rejalashtiryapsiz?

— Yosh futbolchilar degani — ularning barchasi maydonga tushadi, degani emas. Jamoamizda asosiy tarkib mavjud. Qaydnomaga kiritilgan yosh o‘yinchilardan ayrimlariga imkoniyat berishimiz mumkin. Bu ular uchun katta tajriba va muhim saboq bo‘ladi.

Zafarmurod Abdurahmatov:

— Assalomu alaykum. O‘ylaymanki, ertangi uchrashuv qiziqarli kechadi. Biz bu bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Ertaga har ikki jamoaga omad tilayman.

«Al Ittihod» — «Nasaf» o‘yini 23 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanadi. O‘zbekiston klubi o‘tgan 5 ta turda ochko ololmadi va 12 jamoa orasida so‘nggi o‘rinni egallab turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev "Al Ittihod"ga qarshi ertangi o‘yin haqida fikrlarini bildirdi