
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatidagi ishtiroki va guruh bosqichida Portugaliya terma jamoasi bilan to‘qnash kelishi futbol jamoatchiligida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, Krishtianu Ronaldu yetakchilik qilayotgan jamoaga qarshi qanday taktika tanlash masalasi ko‘pchilikni o‘ylantiryapti.
Qozog‘istonlik futbol sharhlovchisi Yerbol Kairov mundialda o‘zbekistonlik futbolchilarning guruhdan chiqish imkoniyatlariga atroflicha baho berdi. Uning fikricha, Portugaliyaga qarshi o‘yinda O‘zbekiston ochiq futboldan qochishi shart.
“Bunday jamoalarga qarshi asosiy qurol — intizomli himoya va sabr. Portugaliya bilan ochiq o‘ynash mumkin emas. Ayniqsa, Brunu Fernandesh va Rafael Leau kabi futbolchilarga bo‘sh hudud qoldirish o‘ta xavfli. Ular bir zumlik konsentratsiya yo‘qolishini ham darhol jazolaydi”, — deydi Kairov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning guruhda birinchi o‘rinni egallashi sensatsiya darajasidagi natija bo‘lar edi. Ikkinchi o‘rin uchun kurash juda qiyin, ammo nazariy jihatdan imkoniyat mavjud. Buning uchun o‘zbeklar Kolumbiya terma jamoasi hamda pley-off orqali mundialga chiqqan raqibga qarshi uchrashuvlarda maksimal natija ko‘rsatishi kerak. Eng muhimi, Portugaliyaga qarshi bahsni “yo‘qotib qo‘ymaslik” talab etiladi.
Kairov fikricha, eng real va amaliy maqsad — guruhda kamida uchinchi o‘rin uchun kurashish. Agar O‘zbekiston eng yaxshi sakkizta uchinchi o‘rin egalaridan biri sifatida pley-offga chiqsa, bu juda katta yutuq bo‘ladi. Buning uchun uchta o‘yinda ham ochko olish, kamida to‘rt ochko to‘plash va to‘plar nisbatini me’yorda saqlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi debyut uchrashuvini 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi Meksikada o‘tkazadi. Muxlislar alohida qiziqish bilan kutayotgan Portugaliyaga qarshi ikkinchi tur bahsi 23 iyunga belgilangan. Guruhdagi so‘nggi o‘yin esa 27 iyun kuni pley-offdan o‘tgan terma jamoaga qarshi bo‘lib, oxirgi ikki uchrashuv AQSH maydonlarida tashkil etiladi.
Qisqasi, O‘zbekistonni oson guruh kutmayapti. Ammo to‘g‘ri taktika, intizom va jamoaviy iroda bilan mundialda tarixiy natija qayd etish imkoniyati mavjud.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.