
«Real» vingeri Vinisius Junior klub bilan shartnomani uzaytirish masalasida ikkilanib qoldi. So‘nggi voqealar braziliyalik futbolchining kayfiyati va kelajak rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.
La Liganing «Sevilya»ga qarshi bahsda (2:0) Vinisius almashtirilgan paytda «Santyago Bernabeu» tribunalaridan hushtakbozlik yangradi. Bu holat ketma-ket 17 ta uchrashuvdan beri gol ura olmayotgan 25 yoshli futbolchi uchun og‘ir ruhiy zarba bo‘ldi. Uchrashuvdan keyin u Instagram'da «qaymoqranglilar» libosidagi suratini o‘chirib, sahifasida faqat uch nuqta qoldirdi — bu ishqibozlar tomonidan turlicha talqin qilindi.
El Chiringuito‘ning jurnalisti Markos Benito xabar berishicha, Vinisius ilk bor muxlislar tomonidan qo‘llab-quvvatlash yetishmasligini sezgan. Manbaga ko‘ra, u «Real» ishqibozlari uni klubda qolishini chindan ham istayaptimi-yo‘qmi, degan savolni o‘ziga bermoqda. Ayni damda futbolchi uchun ruhiy omil jismoniy holatdan ham muhimroq ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur vaziyat Vinisiusni kelajagi haqida chuqur o‘ylashga majbur qildi. Shu sababli u 2027 yilda yakunlanadigan amaldagi shartnomasini uzaytirish bo‘yicha qaror qabul qilishga shoshilmayapti. «Real» rahbariyati esa vaziyatni yumshatish va yetakchi futbolchisini saqlab qolish uchun qanday qadam tashlashni o‘ylab ko‘rmoqda.
Muxlislar esa braziliyalik yulduzning maydondagi ishonchi qayta tiklanib, u yana hal qiluvchi gollar bilan jamoasiga foyda keltiradi, degan umidda.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.