
Bugun bo‘lib o‘tadigan “Al Ahli” – “Andijon” uchrashuvi oldidan Qatarning “Al Tumama” stadionida rasmiy matbuot anjumani tashkil etildi. Unda mezbon jamoaning yangi bosh murabbiyi Yunus Ali hamda tajribali futbolchi Ibrahim Diallo jurnalistlar savollariga javob berdi.
Yunus Ali uchrashuv ahamiyatiga alohida to‘xtalib, “Andijon”ga qarshi bahs guruhdagi eng muhim o‘yinlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa so‘nggi ikki hafta davomida aynan shu o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Murabbiy “Al Ahli” maydonda o‘z salohiyatini to‘liq ko‘rsatishini, muxlislar oldida jamoaning imkoniyatlarini namoyon etishni istashini aytdi.
Shu bilan birga, Yunus Ali “Andijon” jamoasi haqida ham ijobiy fikr bildirdi. U o‘zbek klubi musobaqa davomida o‘zini ancha intizomli va shakllangan jamoa sifatida ko‘rsata olganini, ularning o‘yin uslubi aniq reja asosida qurilganini qayd etdi. Murabbiyning ta’kidlashicha, bugun mezbonlarni oson bahs kutmayapti va maydonda to‘liq kuch bilan harakat qilish talab etiladi.
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida so‘z olgan Ibrahim Diallo ham uchrashuv oson o‘tmasligini bildirdi. Uning aytishicha, mavsum o‘rtasidagi katta tanaffus jamoa uchun muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Chunki “Al Ahli” ikki hafta davomida rasmiy o‘yin o‘tkazmagan. Shu bois, maydonda ritmni tez topish muhim ahamiyat kasb etadi.
Diallo yangi murabbiy tayinlanishini futbolda tabiiy jarayon sifatida baholadi. Uning fikricha, bu holat jamoa uchun yangicha nafas bo‘lishi mumkin. O‘yinchi jamoa ichidagi muhit yaxshi ekanini, futbolchilar yangi bosh murabbiyni iliq qarshi olganini va ushbu bahsga imkon qadar yaxshi holatda tayyorgarlik ko‘rilganini ta’kidladi.
Jurnalistlarning “Andijon”ning o‘yin uslubi haqidagi savoliga javob berar ekan, Yunus Ali raqibning kuchli tomonlarini ochiq aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Andijon” maydonda tartibli harakat qiladi, jamoaviy o‘yinga katta e’tibor qaratadi va standart vaziyatlardan samarali foydalanishga intiladi. Shu jihatdan ular xavfli raqib hisoblanadi. Mezbonlar shtabi aynan shu kuchli tomonlarni neytrallashtirish ustida ishlagan.
Shuningdek, tarkib bilan bog‘liq holatlarga ham oydinlik kiritildi. Yunus Ali jamoada jarohat olgan futbolchilar yo‘qligini, so‘nggi mashg‘ulot yuqori kayfiyatda o‘tganini bildirdi. Uning aytishicha, “Al Ahli” bugungi o‘yinga to‘liq tarkib va maksimal tayyorgarlik bilan chiqadi.
Shu tariqa, “Al Ahli” – “Andijon” bahsi oldidan ikki tomon ham jiddiy ruhiy va jismoniy holatda ekanini namoyon etdi. Endi barcha savollarga javobni maydondagi 90 daqiqa beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.