
Angliyaning «Manchester Siti» klubi hujumchisi Erling Holand o‘z o‘yinini yanada boyitish va mukammal darajaga olib chiqish haqida fikr bildirdi. Dunyo futbolidagi eng samarali to‘purarlardan biri sanalgan norvegiyalik forvard, agar imkoniyat bo‘lsa, qaysi jihatni o‘z arsenaliga qo‘shishni istashini ochiq aytdi.
Holandning ta’kidlashicha, uning o‘yinini takomillashtirish uchun qo‘shish mumkin bo‘lgan jihatlar juda ko‘p. Biroq bittasini tanlash kerak bo‘lsa, u hech ikkilanmasdan Lionel Messiga xos driblingni afzal ko‘rar ekan.
«O‘yinimga qo‘shadigan jihatlar juda ko‘p, lekin tanlashga to‘g‘ri kelsa, Messining driblingini istagan bo‘lardim», — deya Holandning so‘zlarini Sky Sports nashri keltirdi.
Ma’lumki, Holand 2022 yilda Dortmundning «Borussiya» klubidan "Manchester Siti" safiga 60 million yevro evaziga ko‘chib o‘tgan edi. Uning «shaharliklar» bilan tuzgan shartnomasi juda uzoq muddatli bo‘lib, 2034 yil 30 iyuniga qadar amal qiladi.
Joriy mavsumda norvegiyalik gol mashinasi barcha musobaqalar doirasida 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, 28 ta gol urish va 5 ta golli uzatma berishga ulgurdi. Bu ko‘rsatkichlar Holandning nafaqat jismoniy kuchga, balki barqaror samaradorlikka ham ega ekanini yana bir bor isbotlamoqda.
Agar u kelajakda o‘z o‘yiniga Messining driblingidek texnik elementni ham qo‘sha olsa, futbol muxlislari yanada qo‘rqinchli va to‘liq hujumchini ko‘rishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.