
Kataloniyaning "Barselona" jamoasi bosh murabbiyi Xans-Diter Flik klubdagi faoliyati va shaxsiy o‘zgarishlari haqida fikr bildirdi. Nemis mutaxassisi “ko‘k-anorranglilar” rulda ikkinchi mavsumini o‘tkazmoqda va bu davr uning o‘zi uchun ham, jamoa uchun ham muhim bosqichga aylandi.
O‘tgan mavsumda “Barselona” Ispaniya ichki maydonidagi barcha musobaqalarda g‘alaba qozonib, o‘zining an’anaviy kuchini yana bir bor namoyon etgan edi. Bu natijalar jamoada ishonch va barqarorlik muhitini shakllantirdi.
— “Barselona” meni butunlay o‘zgartirdi. Bu klubni ham, uni o‘rab turgan insonlarni ham chin dildan yaxshi ko‘raman. Bizning asosiy vazifamiz — futbolchilar rivojlanishi uchun to‘g‘ri va sog‘lom muhit yaratish. Men e’tiborni aynan shu jihatga qaratganman. Agar jamoa muxlislarga stadionga kelib, har bir o‘yinni intizorlik bilan kutish uchun sabab bera olsa, demak, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz, — dedi Flik Managing Barca portaliga bergan intervyusida.
Mutaxassisning so‘zlaridan anglashiladiki, u faqat natija ortidan quvib qolishni emas, balki uzoq muddatli taraqqiyotni maqsad qilgan. Flik jamoada ishonch, ochiq muloqot va o‘sishga undaydigan muhit yaratishni o‘z uslubining asosi deb biladi.
Ayni paytda “Barselona” La Liga turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Kataloniyaliklar o‘zining azaliy raqibi — "Real Madrid"dan to‘rt ochko oldinda bormoqda. Bu esa jamoaning nafaqat yaxshi o‘ynayotganini, balki barqaror shakllangan tizimga ega ekanini ham ko‘rsatadi.
Qisqasi, Xans-Diter Flik qo‘li ostidagi “Barselona” nafaqat g‘alabalar, balki mazmunli o‘yin va rivojlanish bilan muxlislarni o‘ziga qayta jalb etmoqda. Kataloniyada esa hozir futbol yana bayramga o‘xshay boshladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.