
Yangi mavsum uchun tarkibni kuchaytirishni maqsad qilgan "Andijon" jamoasi navbatdagi transferga qo‘l urdi.
"Bu safar gruziyalik tajribali tayanch yarim himoyachisi Aleksandr Andronikashvili bilan kelishuvga erishildi.
Oxirgi ikki yarim mavsumni Gruziya Erovnuli ligasida “Dila” safida o‘tkazgan futbolchi 2026 yilgi mavsumdan “Andijon” sharafini himoya qiladi.
Andronikashvili 1999 yilning 9 aprel sanasida Gruziyaning Tiflis shahrida tavallud topgan. U faoliyatini asosan Gruziya chempionatida o‘tkazgan bo‘lib, bungacha “FC 35”, “Lokomotiv” (Tbilisi), “Shukura” va “Dila” klublarida to‘p tepgan.
Gruziyalik yarim himoyachi bu yil chempionatda “Dila” safida 33 ta o‘yinda maydonga tushdi va 8 ta gol urdi. Bundan tashqari, ushbu mavsumda u UYEFA Konferensiyalar ligasi (4 o‘yin, 1 gol), “David Kipiani” Kubogi (3 o‘yin, 1 gol) va Gruziya Superkubogida (2 o‘yin, 1 gol) ham qatnashgan.
Futbolchi “Dila” bilan birga mamlakat Kubogi hamda Superkubogini qo‘lga kiritdi", – deyiladi andijonliklar xabarida.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.