
Kataloniyaning "Barselona" hujumchisi Robert Levandovski klub rahbariyati tomonidan bildirilgan g‘alati iltimos haqida tarqalgan mish-mishlarni shaxsan tasdiqladi. Polsha yulduzining aytishicha, 2022/2023 yilgi mavsum yakuniga yaqin undan maydonda ataylab kamroq gol urishi so‘ralgan.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, bu masala moliyaviy jihatlar, aniqrog‘i, bonus to‘lovlari bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘sha paytda klub og‘ir iqtisodiy ahvolda qolgan, har bir yevro hisob-kitob qilingan va ortiqcha xarajatlardan qochish muhim sanalgan.
«Hamma narsani ochiq muhokama qilishni istamayman. Men “Barselona”ni, bu yerda ishlaydigan barchani hurmat qilaman. Jamoa qanday ahvolda ekanini yaxshi bilardim va klub manfaati uchun ko‘p narsaga tayyor edim. Bu bonuslar bilan bog‘liq masala edi — o‘sha paytda har bir yevro muhim bo‘lgan», — dedi Levandovski Rymanowski Live YouTube kanaliga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, u bu holat shaxsan o‘ziga katta ta’sir qilmaganini ta’kidladi. Ammo ichki kurash bo‘lganini ham yashirmadi: «Ba’zan o‘zimdan so‘rardim — gol uraymi yoki yo‘q? Lekin bu jamoa uchun qilingan qaror edi», — deya qo‘shimcha qildi hujumchi.
Ma’lumot o‘rnida, Levandovski 2022 yil yozida Germaniyaning "Bavariya" klubidan “ko‘k-anorranglilar” safiga qo‘shilgan. U debyut mavsumida barcha musobaqalarda 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, 33 ta gol muallifi bo‘lgan. Agar uning samaradorligi yanada yuqori bo‘lganida, shartnoma shartlariga ko‘ra, “Barselona” nemis klubiga bir necha million yevro qo‘shimcha bonus to‘lashiga to‘g‘ri kelar edi.
Bu iqror Levandovskining nafaqat maydonda, balki jamoa manfaati yo‘lida qabul qilgan murakkab qarorlari ham borligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.