
2025 yilgi rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionati shohmat muxlislari uchun unutilmas dramalar va yuqori darajadagi kurashlarga boy bo‘ldi. Musobaqaning asosiy qahramoni esa yana bir bor Magnus Karlsen bo‘ldi. Norvegiyalik grossmeyster o‘zining irodasi, tajribasi va sovuqqonligi bilan rapid shohmatda mutlaq ustun ekanini isbotladi.
Turnir davomida Karlsen uchun hamma narsa ham silliq kechmadi. U Vladislav Artemevdan mag‘lubiyat qabul qildi va bu natija ko‘plab sportchilarni ruhan sindirib qo‘yishi mumkin edi. Ammo Magnus uchun bu faqat signal bo‘ldi. U shu mag‘lubiyatdan keyin o‘zini qo‘lga oldi va ketma-ket beshta partiyada g‘alaba qozonib, raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
So‘nggi turda Anish Giri bilan durang natijani qayd etgan Karlsen umumiy hisobda musobaqani birinchi o‘rinda yakunladi. Natijada u rapid bo‘yicha jahon chempionligi unvonini oltinchi bor qo‘lga kiritdi. Bu ko‘rsatkich uni zamonaviy shohmat tarixidagi eng barqaror va kuchli chempionlardan biri sifatida yanada mustahkamladi.
Ayollar o‘rtasidagi rapid bahslari ham nihoyatda keskin kechdi. Chempionlik uchun asosiy kurash Aleksandra Goryachkina, Xampi Koneru hamda Chju Sziner o‘rtasida kechdi. Asosiy masofa yakunlariga ko‘ra, bu uch shaxmatchi bir xil ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinni bo‘lishib oldi.
Musobaqa reglamentiga muvofiq, chempionlik taqdiri tay-breykda hal etildi. Qo‘shimcha partiyalarda Aleksandra Goryachkina va Chju Sziner o‘zaro to‘qnash keldi. Tay-breykning birinchi partiyasida Goryachkina ishonchli g‘alabaga erishdi, ikkinchi bahs esa durang bilan yakunlandi. Shu tariqa, Aleksandra rapid bo‘yicha jahon chempioni degan yuksak unvonni qo‘lga kiritdi.
Shohmat bayrami esa shu bilan to‘xtab qolmaydi. 29–30 dekabr kunlari blis bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi. Endi barcha e’tibor yanada tezkor, xatoga joy qoldirmaydigan blis bahslariga qaratilgan. Karlsen o‘z g‘alabali yurishini davom ettira oladimi yoki yangi chempionlar paydo bo‘ladimi — javobni yaqin kunlarda bilib olamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.