
Angliya Premer-ligasida joriy mavsum chempionlik uchun kurash olib borayotgan "Manchester Siti" hujum chizig‘ini yanada kuchaytirish niyatida. Manchesterliklar qishki transferlar oynasida "Bornmut" safida samarali o‘yin ko‘rsatayotgan ganalik hujumchi Antuan Semenoni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Agar mazkur transfer amalga oshsa, “shaharliklar” tarkibida raqobat yanada keskinlashadi. Bu esa ayni paytda ham asosiy tarkibda kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan iqtidorli yosh futbolchi Oskar Bobbning jamoani tark etishiga olib kelishi mumkin.
Talksport nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 25 yoshli Semenoning Manchesterga ko‘chib o‘tishi Bobbning maydondagi imkoniyatlarini yanada cheklab qo‘yadi. Shu sababli klub rahbariyati 22 yoshli norvegiyalik vingerni ijara yoki to‘liq transfer orqali boshqa jamoaga qo‘yib yuborish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.
Ayni paytda Oskar Bobbga APLning ikki klubi — "Kristal Pelas" va "Fulxem" jiddiy qiziqish bildirmoqda. Har ikki jamoa yosh futbolchini o‘z tarkibida muntazam o‘yin amaliyoti bilan ta’minlashga tayyor ekani aytilmoqda.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Oskar Bobbning bozor qiymati ayni paytda 25 million yevroga baholanmoqda. Joriy mavsumda u Xosep Gvardiola boshchiligidagi jamoa safida 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta golli uzatma bilan ajralib chiqqan.
Mutaxassislar fikricha, Semeno transferi “Manchester Siti”ning chempionlik poydevorini yanada mustahkamlashi mumkin. Biroq bu qaror yosh futbolchilar taqdiriga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Endi barcha e’tibor yanvar oyidagi transfer harakatlariga qaratilgan: Gvardiola qaysi yo‘lni tanlaydi — raqobatni kuchaytirish yoki yosh iqtidorlarga sabr qilish?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.