
Marokash mezbonlik qilayotgan Afrika Millatlar kubogi guruh bosqichi hal qiluvchi pallaga kirdi. A guruhida 3-tur uchrashuvlari keskin va mazmunli kurashlar bilan yodda qoldi.
Mezbon Marokash terma jamoasi Zambiyaga qarshi bahsda to‘liq ustunlik qildi. Uchinchi turda 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba marokashliklarga 7 ochko jamg‘arib, guruhni birinchi o‘rinda yakunlash va pley-offga muammosiz chiqish imkonini berdi.
Uchrashuvda Yussef Al Kaabi yana bir bor o‘z snayperlik mahoratini namoyon etdi. Hujumchi ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, dubl muallifiga aylandi. Braxim Dias esa ketma-ket uchinchi o‘yinda ham gol urib, turnirdagi barqaror formasini tasdiqladi. Shuningdek, Ashraf Hakimi qariyb ikki oylik tanaffusdan keyin maydonga qaytib, muxlislarni quvontirdi.
Zambiya — Marokash 0:3
Gollar: Al Kaabi (9, 50), Dias (27).
Marokash — Bunu, Mazraui (Hakimi, 64), Aguyerd, Masina, Shibi, Al Aynaui, Ounahi, Dias (Ahomash, 64), Saybari (Ben-Segir, 64), Ezzalzuli (Talbi, 74), Al Kaabi (An Nosiri, 74).
Guruhning ikkinchi o‘yinida Mali hamda Qamar orollari terma jamoalari murosaga keldi. Gollar qayd etilmagan bo‘lsa-da, bu natija maliliklarga 3 ochko bilan keyingi bosqichga chiqish uchun yetarli bo‘ldi. Ular guruhdagi barcha uchrashuvni durang bilan yakunlab, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Qamar orollari — Mali 0:0
Shu tariqa, A guruhida Marokash yetakchi sifatida, Mali esa ikkinchi o‘rin bilan musobaqani davom ettiradi. Mezbonlar kuchli o‘yini bilan chempionlikka asosiy da’vogarlardan biri ekanini yana bir bor namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.