
“Real”ning sobiq raqami birinchi darvozaboni Iker Kasilyas madridliklar bosh murabbiyi Xabi Alonso atrofida aylanayotgan tanqidlarga munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, hozir Alonsoga qilinayotgan bosim ham, munosabat ham adolatdan yiroq.
Kasilyasning aytishicha, Xabi Alonso futbolni “ichidan” biladigan, zamonaviy o‘yinni tushunadigan mutaxassis. “Real” kabi klubda esa har kuni shov-shuv, gap-so‘z va talab yuqori bo‘lishi tabiiy. Ammo Ikerning fikricha, ba’zi muxlislar va muhit hozirgi voqelikni unutyapti: mavsum hali o‘rtasi, dekabr — oxirgi xulosa qilish vaqti emas.
U bunga juda sodda misol keltirdi: agar jamoa “Barselona”dan 12 ochkoga ortda qolgan, ustiga-ustak Kubokdan ham chiqib ketgan bo‘lsa — u holda tanqidni tushunish mumkin edi. Lekin vaziyat unday emas ekan, demak hozirgi reaksiyalar ortiqcha va tushunarsiz.
Kasilyas bu holatni maktabga qiyosladi: bolangiz maktabga boradi, baholar oladi, lekin haqiqiy natijalar va umumiy baho yil oxirida — iyun oyida ko‘rinadi. Futbolda ham xuddi shunday: dekabrda “hukm” chiqarish — shoshqaloqlik.
Qisqasi, Kasilyasning pozitsiyasi aniq: Alonsoni hozir tanqid qilishdan ko‘ra, unga vaqt berish kerak. “Real”da har doim bosim bo‘ladi, lekin haqiqiy bahoni mavsum oxirida qo‘yish to‘g‘riroq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.