
Enso Mareska iste’fosidan keyin «Chelsi» vaqtni cho‘zib o‘tirmaydi. Mashhur insayder Fabritsio Romano ma’lum qilishicha, londonliklar yaqin kunlarda yangi bosh murabbiyni tayinlashni rejalashtirgan va bu jarayon uzoqqa cho‘zilmaydi. Klub qisqa muddat ichida yangi mutaxassis bilan kelishuvni rasmiylashtirish niyatida.
Romano axborotiga ko‘ra, hozirgi paytda asosiy favorit sifatida «Strasburg» bosh murabbiyi Liam Rosenshr ko‘rilmoqda. Ya’ni klub “yangi yulduzli ism” qidirayotgani yo‘q, balki ishlaydigan, tizim qura oladigan variantlarga ko‘proq yon bosayapti.
Shu bilan birga, variantlar ro‘yxati faqat bitta nom bilan cheklanmaydi. Manbalarga ko‘ra, Glasner va Fabregas kabi yo‘nalishlar ham allaqachon aniq shakllanib ulgurgan. Lekin bu yerda muhim “lekin” bor.
Oliver Glasner hozir «Kristal Pelas»ni tark etmaydi. U faqat yozda ketishi mumkin, shu sababli «Chelsi» bu variantni tezkor qaror sifatida ishlata olmasligi aytilyapti.
Sesk Fabregas esa «Komo»dagi loyihasiga to‘liq sho‘ng‘ib ketgan. U yerdagi rejalarini yarim yo‘lda tashlab ketish kayfiyati yo‘qdek — demak, bu nom ham hozircha savol ostida.
Eng qizig‘i, klub “megayulduz murabbiy” ssenariysini umuman ko‘rib chiqmayapti. Romano ta’kidlaganidek, Zidan, Klopp va Mourino ro‘yxatda yo‘q. Qisqasi, «Chelsi» bu safar xayp emas, tez va amaliy yechim tanlayapti.
Endi asosiy intriga bitta: klub haqiqatdan ham Rosenshr bilan “tezda” ishni tugatadimi yoki so‘nggi daqiqada kutilmagan burilish bo‘ladimi? Londonda hozir har kuni serial, lekin finali juda yaqin ko‘rinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.