Muslera Ronaldu mundialni yutmaydi, Messi esa eng zo'ri dedi

Urugvay terma jamoasining sobiq darvozaboni Fernando Muslera 2026 yilgi jahon chempionati arafasida Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Musleraning ta'kidlashicha, 2026 yilgi mundial ikkala hujumchi uchun ham terma jamoa miqyosidagi so'nggi yirik turnir bo'lishi ehtimoli yuqori. Portugaliyalik futbolchi tez orada 41 yoshga kiradi, argentinalik yulduz esa iyun oyida 39 yoshni qarshi oladi.
«Men Urugvay, Argentina va Ispaniyani chempionlikka asosiy da'vogarlar deb bilaman. Braziliya esa ulardan bir pog'ona pastroq. O'ylaymanki, Krishtianu Portugaliya bilan jahon chempionligini qo'lga kirita olmaydi. Men ham Ronaldu, ham Messiga qarshi o'ynaganman — hissiyotlar mutlaqo boshqacha. Menga shu bo'yi past yigit yoqadi. Leo allaqachon jahon chempioni bo'lgan va umid qilamanki, u doimo eng zo'r bo'lib qoladi», — deya Muslera so'zlarini ESPN keltirdi.
2026 yilgi jahon chempionati o'yinlari AQSh, Kanada va Meksikada iyun—iyul oylarida bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!