“Chelsi”ning yangi bosh murabbiyi jamoani qanday boshqarishini aytdi

1 yanvar kuni Enso Mareskani lavozimidan ozod qilgan “Chelsi” rahbariyati bosh murabbiylik vakolatini angliyalik mutaxassis Liam Rosenorga topshirganini rasman e’lon qildi. London klubi yangi ustoz bilan 2032-yil yozigacha amal qiladigan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
Rosenorning “Chelsi”ga kelishi oddiy tayinlov emas — bu klubning navbatdagi katta bosqichga qadam qo‘yishi, degan fikrlar ham aytila boshladi. Chunki “aristokratlar” uchun har bir mavsumda asosiy talab o‘zgarmaydi: yuqori natija, kuboklar va katta sahnadagi raqobat.
Yangi bosh murabbiy tayinlanganidan so‘ng klub rasmiy saytiga intervyu berib, o‘z fikr-mulohazalarini ochiq aytdi. Rosenor bu tayinlovni o‘z faoliyatidagi muhim burilish deb baholadi va “Chelsi”ni “o‘ziga xos ruh, boy tarix va sovrinlarga to‘la klub” sifatida ta’rifladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa ikki yo‘nalishda: klubning o‘ziga xos qadriyatlari va ruhini asrab qolish, shu bilan birga yangi sovrinlar uchun kurashni to‘xtatmaslik. Rosenor “har bir o‘yinda ana shu qadriyatlar ko‘rinadigan, maydonda xarakter ko‘rsata oladigan jamoa”ni shakllantirishni maqsad qilganini bildirdi.
Mutaxassis klub rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildirib, bunday mas’uliyatli lavozimga ishonch bildirilgani uning uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Rosenor “klub munosib bo‘lgan muvaffaqiyat” uchun bor imkoniyatini ishga solishini aytdi.
Yangi ustoz o‘z ish uslubida jamoaviylikka katta urg‘u berdi. U birlik, jipslik, o‘zaro yordam va qo‘llab-quvvatlashni muvaffaqiyatning asosiy poydevori deb biladi. Rosenorga ko‘ra, aynan shu muhit yaratilsa, maydondagi natija ham o‘z-o‘zidan ko‘rinadi.
Shuningdek, u klubdagi iqtidorli futbolchilar va xodimlar bilan ishlashdan xursand ekanini aytib, nafaqat maydonda, balki maydondan tashqarida ham mustahkam aloqalar shakllantirishni istashini bildirdi. Ya’ni har bir futbolchi o‘zini “yagona maqsadga xizmat qilayotgan bir butun jamoa”ning a’zosi sifatida his qiladigan muhit — Rosenorning asosiy rejalaridan.
Endi eng qizig‘i — bu so‘zlar qanday amaliy ishlarga aylanadi? Muxlislar “Chelsi”dan har doim katta talab qiladi, chunki bu klubning nomi ham, tarixi ham shunga mos. Rosenor esa o‘z bayonoti bilan shunchaki va’da bermadi — u jamoaga yangi ruh, yangi tartib va yangi maqsad olib kirishga tayyor ekanini bildirib qo‘ydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!