Ballak Karlni Real haqidagi so'zlari uchun himoya qildi

Germaniya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Mixael Ballak Myunxenning “Bavariya” klubida to'p tepayotgan 17 yoshli hujumchi Lennart Karlning Madrid “Real”ida o'ynash istagi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Yosh futbolchining bu bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda keskin tanqid va xeytga sabab bo'ldi. Shundan so'ng Karl uzr so'rashga majbur bo'ldi, shuningdek, sahifalaridagi izohlarni yopib qo'ydi.
“Agar sizdan orzularingiz haqida so'rashsa, ularni aytish mutlaqo tabiiy. Menimcha, bu gapning kontekstdagi ma'nosi zararsiz”, — deya Ballakning so'zlarini DAZN keltirdi.
Bundan avval “Bavariya” bosh murabbiyi Vensan Kompani ham yosh futbolchi uzr so'raganini ma'lum qilgandi.
2025/2026 yilgi mavsumda Karl kattalar darajasida 20 ta uchrashuv o'tkazib, 6 ta gol urdi va 2 ta golli uzatma amalga oshirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!