Kanselu “Barselona”ga qaytdi: o‘ng qanot endi yana kuchayadigan bo‘ldi...

Kataloniyaning “Barselona” klubi qishki transfer oynasida muxlislarni xursand qiladigan yangilikni rasman tasdiqladi. Portugaliya terma jamoasi a’zosi Joau Kanselu endi yana “ko‘k-anorranglilar” futbolchisi! Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “Barsa” Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” jamoasidan Kanseluni mavsum oxiriga qadar ijaraga oldi. Ta’kidlash joiz, futbolchi jamoada 2-raqam ostida maydonga tushadi. Demak, o‘ng qanotda raqobat ham, sifat ham oshadi.
Eski tanish, yangi missiya
Kanselu kataloniyalik muxlislarga begona emas. U avval ham “Barselona” sharafini himoya qilgan va o‘zini ishonchli ijrochi sifatida ko‘rsata olgan. Xususan, 2023/24 yilgi mavsumda u barcha musobaqalarda 42 ta uchrashuvda qatnashib, 4 ta gol urgan va 5 ta golli uzatma amalga oshirgan.
Bu raqamlar oddiy statistika emas: Kanselu — himoyachi bo‘lishiga qaramay, hujumga ham qattiq qo‘shiladigan, o‘yinni tezlatadigan, pas va krosslarda “ko‘zi bor” futbolchilardan. “Barsa”ga esa aynan shunday universal o‘yinchi har doim kerak.
Qisqasi, Kanseluning qaytishi — “Barsa” uchun tayyor variant: moslashishga vaqt ketmaydi, jamoani biladi, La Liga tempini his qiladi. Endi muxlislar bir narsani kutayapti: Joau ilk o‘yindanoq “kameraga layk” qiladimi yoki avval bir-ikki tur “rejimga kirib” oladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!