date

Ueyn Runi: Kerrik keldi — «Manchester Yunayted» ruhi qayta uyg‘ondi

Ueyn Runi: Kerrik keldi — «Manchester Yunayted» ruhi qayta uyg‘ondi

«Manchester Yunayted» afsonasi Ueyn Runi jamoaning Maykl Kerrik qo‘l ostidagi ilk o‘yinidan (2:0) keyin ta’sirli fikrlar bildirdi. Uning ta’kidlashicha, o‘zgarishni hatto stadionda o‘tirmasdan ham sezish mumkin bo‘lgan — muhit, energiya va muxlislarning ishonchi boshqacha tus olgan.

Runi o‘sha kuni studiyada bo‘lganini aytsa-da, maydondagi kayfiyat “ko‘zga urilib turgani”ni ta’kidladi. Ayniqsa, Kerrik o‘yin oldidan maydonga chiqib, muxlislarni ruhlantirishga uringan paytdayoq qandaydir yangi havo kelgani sezilgan.

Uning fikricha, muxlislar o‘sha daqiqalarda ser Aleks Fergyuson davridagi kayfiyatni eslagan. Runi bu yerda juda to‘g‘ri nuqtaga tegadi: Fergidan keyingi 10–13-yilda «Yunayted» atrofidagi muhit ko‘p bor sinovdan o‘tdi, ayniqsa yosh muxlislar uchun bu davr og‘ir kechdi. Ular jamoaning chinakam katta energiya bilan, ishonch va jasorat bilan o‘ynaganini kam ko‘rgan.

Runi o‘z tajribasini ham qo‘shib o‘tdi: u bu klubning ichida bo‘lgan, turli tarkiblar, turli davrlar, turli bosimlarni ko‘rgan. Shuning uchun u muxlislarning nimani sog‘inganini yaxshi his qiladi. Uning ta’rificha, jamoa anchadan beri o‘z kuchiga ishonadigan, irodali, jasoratli futbol ko‘rsatishni “unutgandek” bo‘lib qolgan edi. Endi esa u qolgan 16 ta uchrashuvda ham shunday ruh saqlanib qolishidan umidvor.

Eng qizig‘i, Runi Kerrikni “sehrgar” deb ko‘tarib yubormaydi — aksincha, juda real baholaydi: Maykl g‘ayritabiiy ish qilmadi, deb hisoblaydi. U faqat tarkib va yondashuvda oddiy, lekin zarur tuzatishlar qildi. Va shu “oddiy” narsalar ko‘pincha eng katta farqni beradi.

Runi taktika haqidagi bahslarga ham to‘xtalib o‘tdi. Ko‘pchilik Ruben Amorim uslubidagi uch himoyachili sxema haqida gapirgan, ammo Runining nuqtayi nazari qat’iy: «Yunayted» avvalambor yugurishi, kurashishi, mehnat qilishi shart. U futbolchilar aynan shuni qilganini ko‘rib xursand bo‘lganini yashirmadi.

Yakunda Runi bu holatni juda aniq bir ibora bilan to‘pladi: bu unga «MYU»ning haqiqiy DNKsi qandayligini eslatgan. Ya’ni, gap faqat natijada emas — gap kayfiyatda, ruhda, munosabatda. Agar shu tamoyil saqlansa, muxlislar kutgan “qaytish” haqiqatan ham boshlanishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Ueyn Runi: Kerrik keldi — «Manchester Yunayted» ruhi qayta uyg‘ondi