Arsen Venger JCH-2026ni 48 jamoaga kengaytirishni kelajak deb atadi

Jahon futbolidagi eng katta o‘zgarishlardan biri — jahon chempionati ishtirokchilari soni 48 ta jamoagacha ko‘payishi masalasi atrofida bahslar hali ham to‘xtagani yo‘q. Bu mavzuga “Arsenal”ning sobiq bosh murabbiyi Arsen Venger ham o‘z munosabatini bildirdi va kengayish g‘oyasi ortida turgan asosiy ma’noni tushuntirib berdi.
Vengerning ta’kidlashicha, milliy terma jamoa uchun maydonga tushish — oddiy o‘yin emas, bu o‘zgacha his. Bir tarafdan futbolchi o‘z mamlakati sharafi va g‘ururini ifoda etadi, ikkinchi tarafdan esa ulkan bosim ostida qoladi: mag‘lubiyatdan qo‘rqish, muxlislarni ranjitish xavfi, kutilgan darajada o‘ynay olmaslik ehtimoli har qadamda sezilib turadi.
Uning fikricha, butun millat oldida javobgarlikni o‘z zimmasiga olish uchun juda katta ruhiy quvvat kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham kuchli terma jamoalarga nafaqat texnik va jismoniy jihatdan tayyor, balki bosimga chidamli, yangi avlod ruhini ifoda eta oladigan futbolchilar zarur.
Venger jahon chempionati uzoq yillar davomida asosan Yevropa va Janubiy Amerika markazida aylanib kelgan musobaqa bo‘lganini esladi. Endi esa futbol haqiqatan global sportga aylandi: qayerga bormang, odamlar futbol haqida gapiradi, bahslashadi, orzu qiladi. Shu nuqtayi nazardan, turnirni ko‘proq mamlakatlar uchun ochish, ayniqsa Afrika va Osiyo jamoalariga imkoniyatlarni kengaytirish — tabiiy qadam.
Venger kelajakka qarab fikr yuritar ekan, hatto yuz yildan keyin ham har bir insonda hech bo‘lmaganda jahon chempionatini yutishni orzu qilish imkoni bo‘lishi kerakligini aytdi. Unga ko‘ra, 32 jamoadan 48 jamoaga o‘tish ana shu yo‘ldagi muhim va mantiqiy qadamdir.
Mutaxassis jahon chempionatining eng yoqimli va ta’sirli qismi sifatida turnirning ilk ikki haftasini alohida tilga oldi. Chunki aynan shu paytda butun dunyo bir nuqtaga jamlanadi: har kim o‘z mamlakati nomidan faxrlanadi, bir vaqtning o‘zida umumiy birlik, umumiy bayram ruhi paydo bo‘ladi. Venger bu holatni “jamoaviy bayram” deb atadi.
Biroq ishtirokchilar ko‘payishi bilan turnirning umumiy hajmi ham oshib boradi. Venger ta’kidlaganidek, 104 ta o‘yindan iborat va ancha uzoq davom etadigan jahon chempionati ruhiy jihatdan katta sinov bo‘ladi. Bu yerda g‘alabaga yetishish uchun faqat taktika yoki mahorat emas, balki jiddiy psixologik tayyorgarlik ham talab etiladi.
Uningcha, murabbiylar shtabi jamoaning birligini, ichki muhitini va motivatsiyasini bir necha hafta davomida bir maromda ushlab turishi kerak bo‘ladi. Ayniqsa pley-off bosqichlarida penaltilar qariyb muqarrar holatga aylanadi, bunday paytda esa ruhiy omil hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Arsen Venger ushbu fikrlarni Davosda o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida bildirib, jahon chempionatini kengaytirish qarorini faqat raqamlar emas, balki futbolning global kelajagi nuqtayi nazaridan ham ko‘rish lozimligini uqtirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!