Gvardiola Xolandni himoya qildi: Erling hech kimdan uzr so‘rashi shart emas

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoaning so‘nggi natijalari qoniqarsiz bo‘layotgani fonida Erling Xolandga nisbatan tanqidlar ko‘payganiga munosabat bildirdi. Ispaniyalik mutaxassisning aytishicha, norvegiyalik hujumchi hech kim oldida uzr so‘rashi shart emas, chunki u maydonda bor kuchini berib o‘ynayapti va kurashdan to‘xtagani yo‘q.
Gvardiola Xoland atrofidagi muhokamalarni sal tinchlatib, masalani jamoaviy nuqtayi nazardan qo‘ydi: agar “Siti” g‘alaba qozona olmayotgan bo‘lsa, buni bir futbolchining yelkasiga ilib qo‘yish adolatdan emas. Uning ta’kidlashicha, mag‘lubiyat ham, durang ham — bir o‘yinchi emas, butun jamoaning umumiy mas’uliyati.
— Erling hech kimdan uzr so‘ramasligi kerak. U qo‘lidan kelganini qilyapti, harakatdan to‘xtagani yo‘q. Agar jamoa yutmasa, bu bir futbolchining aybi emas, barchaning mas’uliyati. Faqat sen maksimum kuch sarflamasanggina uzr so‘raysan. Hozir Erlingda bunday holat yo‘q, demak uzr ham kerak emas, — degan Gvardiola.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” joriy mavsumda turli musobaqalarda qator qiyin o‘yinlarni boshidan kechirmoqda. Angliya Premer ligasi, Yevropa Chempionlar ligasi hamda ichki kuboklar doirasidagi so‘nggi yettita bellashuvda “shaharliklar” ikkita mag‘lubiyat, uchta durang qayd etdi. Ikkita g‘alaba esa aynan kubok bahslariga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, Xolandning o‘zi ham bir necha o‘yindan beri gol ura olmayotgani ko‘p muhokama qilinmoqda. Ayrim mutaxassislar 25 yoshli to‘purar hali optimal sport formasini to‘liq tiklab ulgurmaganini, natijada uning odatdagi samaradorligi pasayganini ta’kidlamoqda.
Biroq Gvardiolaning pozitsiyasi aniq: Xoland hali ham jamoa uchun jon kuydiryapti, faqat gollar emas, kurash, bosim, harakat ham muhim. “Siti” esa aynan shu og‘ir pallada jamoa sifatida birlashib, natijani qayta yo‘lga qo‘yishga harakat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!