Iraola Liverpulga qarshi ilk ochko olishni istaydi

"Bornmut" bosh murabbiyi Andoni Iraola APLning 23-turi doirasidagi "Liverpul"ga qarshi uchrashuv oldidan jurnalistlar bilan suhbatlashdi. O'yin 24-yanvar kuni 22:30 da (Toshkent vaqti bilan) start oladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Mutaxassis klubning yangi futbolchisi Aleks Tot haqida ham to'xtalib o'tdi. Iraolaning aytishicha, Tot uchrashuvda maydonga tushishga tayyor bo'ladi: odatda unga moslashish uchun ko'proq vaqt berish mumkin edi, biroq jamoa hozirgi vaziyatda u tezda yordam berishi kerak. Murabbiy uning fe'l-atvori yaxshi ekanini, imkon qadar tez foyda keltirishiga umid qilishini ta'kidladi.
Transferlar masalasida Iraola hozircha Tot klubning yagona xaridi ekanini bildirdi. Uning so'zlariga ko'ra, rahbariyat bozor ustida ishlamoqda va tarkibni yana kuchaytirish zarurligini tushunadi, ammo buning uchun biroz kutishga to'g'ri keladi. Shuningdek, u "Rayan" bo'yicha izoh berishdan tiyildi: futbolchi "Bornmut"ga tegishli emasligini eslatdi.
Murabbiy jamoaning holati og'irligini ham yashirmadi: "Bornmut" hujum chizig'ida, ayniqsa qanotlarda yetarlicha kuchga ega emasligini qayd etdi.
"Liverpul" haqida gapirar ekan, Iraola qiziqarli statistikani eslatdi: uning murabbiylik faoliyatida ochko ola olmagan yagona raqib aynan "Liverpul". Ikki yarim mavsumdan beri bu to'siq borligi, endi natija olishni xohlashi, biroq buni amalga oshirish oson emasligini aytdi.
Hozir "Bornmut" 27 ochko bilan turnir jadvalida 15-o'rinda bormoqda. "Liverpul" esa 36 ochko jamg'argan holda 4-pog'onani egallab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!