"Manchester Siti" — "Vulverhempton": Husanov va Gehi tandemda o‘ynaydi

Toshkent vaqti bilan soat 20:00da Angliya Premer-ligasining 23-turidan o‘rin olgan bir qator bahslar start oladi. Ammo bugungi dasturdagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan to‘qnashuvlardan biri — “Manchester Siti”ning o‘z maydonida “Vulverhempton”ni qabul qilishi.
Ayni paytda “shaharliklar” (43 ochko, 2-o‘rin) natijalar bo‘yicha ko‘ngildagidek ketmayotgan davrni boshdan kechiryapti: g‘alabalar seriyasi emas, aksincha, yutuqsiz uchrashuvlar ko‘paygan. Shu sabab bu bahs ular uchun faqat 3 ochko emas, balki kayfiyat va ishonchni ham qaytarib olish imkoniyati hisoblanadi. Raqib esa jadval quyi qismidagi “Vulverhempton” (8 ochko, 20-o‘rin) — autsayder maqomida.
Muxlislar uchun yana bir alohida qiziq nuqta bor: “Siti” safida O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov asosiy tarkibdan o‘rin oldi. Demak, bizniki maydonga birinchi daqiqalardan tushadi va himoyada mas’uliyat katta bo‘ladi. Yana bir intriga — klubning yangi xaridi Mark Gehi ham start tarkibda, ya’ni debyutini shu bahsning o‘zida o‘tkazadi. Eng katta syurpriz esa — to‘purar Erling Holandning zaxirada qoldirilgani: Gvardiolaning bu qarori o‘yin davomida alohida qiziq ssenariylar yaratishi mumkin.
APL. 23-tur. 24 yanvar
Manchester Siti — Vulverhempton
Manchester Siti: Donnarumma, Gehi, Husanov, Nunesh, O’Rayli, Rodri, Reynders, Silva, Sherki, Semenyo, Marmush.
Vulverhempton: Sa, Gomes, Mane, Andre, Arias, S. Bueno, Kreychiy, U. Bueno, Chachtua, Moskera, Hvan.
Qisqasi, bugungi bahsda ham gol, ham debyut, ham taktik syurprizlar uchun “kontent” yetarli. Endi gap — “Siti” o‘z uyidagi bosimni to‘g‘ri boshqara oladimi, Husanov esa bu ishonchni yana bir marta oqlay oladimi — shunga borib taqaladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!