Flik Barselonadagi prezident saylovi haqida fikr bildirdi

«Barselona» klubida prezident saylovi 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Jamoa bosh murabbiyi Xans-Diter Flik matbuot anjumanida ushbu mavzu yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Murabbiy saylov sanasi jamoa o‘yiniga ta’sir qilmasligi bo‘yicha u bilan maslahatlashilganmi, degan savolga bu uning vazifasi emasligini, biroq jarayondan xabardor bo‘lganini aytdi. Flik prezident bilan gaplashganini va saylovni imkon qadar erta o‘tkazish klub uchun ijobiy yangilik ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, futbolchilar professional va maydonda maksimal natija ko‘rsatishga e’tibor qaratadi.
Flikning shaxsiy omili saylovga qanday ta’sir qilishi mumkinligi so‘ralganda, u so‘nggi bir yarim yilda klubda ijobiy o‘zgarishlar ko‘p bo‘lganini qayd etdi. Murabbiy sarmoya kiritilgani, transferlar puxta tanlangani hamda akademiya futbolchilariga o‘sishi uchun imkon berilganini eslatdi. Uningcha, «Barselona» uchun eng muhim narsa barqarorlik va keyingi vaziyatni vaqt ko‘rsatadi.
Ovoz berish masalasida Flik «ovoz berish — sir» ekanini aytib, baribir saylovda qatnashishini tasdiqladi.
Shuningdek, u saylov jarayonini umumiy ma’noda bilishini, ayrim nomzodlar bilan tanish ekanini, ammo hozir asosiy e’tibori o‘z ishida ekanini qo‘shimcha qildi. Flikning aytishicha, vaqt kelganda kimga ovoz berishini hal qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!