Komо Torino darvozasiga javobsiz oltita gol urdi

Italiya A Seriyasining 22-turida «Komо» o‘z maydonida inqirozga yuz tutgan «Torino»ni yirik hisobda taslim etdi. Ketma-ket uch o‘yinda mag‘lub bo‘lgan turinliklar bu safar ham safarda omadsiz seriyasini davom ettirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuvning 9-daqiqasida Anastasioz Duvikas hisobni ochdi, 16-daqiqada esa Martin Baturina jarima maydoni tashqarisidan aniq zarba yo‘llab, farqni ikkiga oshirdi — 2:0. Ikkinchi bo‘limda 59-daqiqada Lukas da Kunyaning penaltidan urgan goli «Komо»ning ustunligini yanada mustahkamladi.
Oradan yetti daqiqa o‘tib Duvikas dubl qayd etdi (66), 70-daqiqada Nikolas Kyun ham o‘z nomini tabloga yozdirdi. Yakuniy nuqtani 76-daqiqada Maksans Kakere uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan qo‘ydi — 6:0.
Bu g‘alabadan so‘ng «Komо» turnir jadvalida kuchli beshlikka ko‘tarildi, «Torino» esa 11-o‘rinni boshqa jamoalar bilan bo‘lishib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!