date

Karrager Kerrikni maqtadi: Amorimda jasorat yo‘q edi

Karrager Kerrikni maqtadi: Amorimda jasorat yo‘q edi

«Liverpul»ning sobiq himoyachisi Jeymi Karrager Maykl Kerrikning «Manchester Yunayted»dagi qisqa vaqt ichidagi faoliyatini juda yuqori baholadi. Uning fikricha, «qizil iblislar» yangi murabbiy qo‘l ostida maydonda mutlaqo boshqa ruh va xarakter namoyon etyapti.

Kerrik boshchiligida «Yunayted» dastlabki ikki uchrashuvdayoq futbol jamoatchiligini hayratga soldi. Mankunianliklar avvaliga Manchester derbisida «Manchester Siti»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Oradan ko‘p o‘tmay, APLning markaziy bahsida Londonda «Arsenal» ustidan 3:2 hisobida dramatik g‘alaba qozonildi. Bu natijalar jamoada nafaqat taktik, balki psixologik o‘zgarishlar ham yuz berganini ko‘rsatdi.

Karrager ayni shu jihatga alohida urg‘u berdi. Uning ta’kidlashicha, Kerrik jamoaga eng avvalo jasorat va ishonch olib kelgan.

— Rostini aytish kerak, aynan shu narsa oldingi murabbiy Ruben Amorimda yetishmasdi. Unda bunday qat’iyat va jasorat ko‘rinmas edi, — dedi Karrager «Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alabani sharhlar ekan.

Eslatib o‘tish joiz, «Manchester Yunayted» rahbariyati 5-yanvar kuni Ruben Amorim bilan xayrlashgan edi. Oradan sakkiz kun o‘tib, klub afsonasi hisoblangan Maykl Kerrik vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida tayinlandi va u mavsum yakuniga qadar jamoani boshqarishi belgilandi.

Qisqa vaqt ichida olingan bu ikki g‘alaba Kerrikka nisbatan ishonchni keskin oshirdi. Muxlislar jamoani yana “jonli”, jasur va oxirigacha kurashuvchan holatda ko‘ryapti. Albatta, oldinda hali ko‘p o‘yinlar bor, ammo boshlanishning o‘ziyoq «Yunayted»da yangi sahifa ochilganini anglatyapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Karrager Kerrikni maqtadi: Amorimda jasorat yo‘q edi